O‘zbekiston prezidentining 19-avgustda imzolangan farmoni bilan tadbirkorlarga bir qator yengilliklar beriladi.

“O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘loviga o‘tgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi:
- bir yil davomida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilish;
- bir yil davomida QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llamaslik;
- 6 oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan oshmagan qismini to‘layotgan soliq to‘lovlari hisobidan chegirib tashlash.
Belgilanishicha, foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyektlari o‘z mablag‘lari hisobidan ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari qurib, beg‘araz topshirganda, ushbu obyektlar uchun qilingan xarajatlar foyda solig‘i bazasidan kamaytiriladi.
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining bildirishicha, ushbu o‘zgarishlar Soliq kodeksiga kiritilgandan so‘ng kuchga kiradi.
Izoh (0)