Turkiyaning TRT telekaradiokompanoyasi ko‘magida yaratilgan “Falastin 36” (“Palestine 36”) filmi 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan 98-sonli “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritish uchun Falastin nomidan rasmiy nomzod sifatida tanlandi.

Foto: Variety
Kartina falastinlik mashhur kinorejissyor, ko‘plab mukofotlar sohibi Annemari Yasir tomonidan suratga olingan, Usoma Bavaridiy unga prodyuserlik qilgan.
Film taniqli aktyorlar, jumladan, Hiyam Abbos, Komil al-Basha, Yasmin al-Masri, Jalol Altavil, Robert Aramayo, Solih Bakri, Yafa Bakri, Karim Daud Anayo, Billi Xoul, Zafer al-Abidin, Liam Kenningem va Jeremi Ayorns kabilar ishtirok etgan.
“Falastin 36” filmi Falastin xalqining Buyuk Britaniyaning 30 yillik mustamlakachilik hukmronligiga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘oloni haqida hikoya qiladi. Syujetga ko‘ra, voqealar 1936-yilda boshlanadi. O‘sha davrda qishloq aholisi mustamlakachilik rejimiga qarshi kurash uchun qo‘zg‘olonga chiqadi.

Bosh qahramon Yusuf hamma kabi porloq kelajak haqida orzu qiladi, ammo u notinch davr girdobida qolgan yoshlardan biri bo‘ladi. Shu paytda mintaqadagi vaziyat tobora keskin tus olib, Yevropadan yahudiy muhojirlar oqimi ortadi. So‘ng falastinliklar birlashib, Britaniyaning 30 yillik hukmronligiga qarshi eng yirik va eng uzoq davom etgan qo‘zg‘olonni boshlaydi.
Film premyerasi 2025-yil 4–14-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan 50-Toronto xalqaro kinofestivali doirasida taqdim etiladi.
Bundan avval rejissyor Annemari Yasirning “Vajib” (Wajib), “Seni ko‘rganimda” (When I Saw You) va “Dengiz tuzi” (Salt of This Sea) kabi filmlari Falastinni “Oskar” mukofotida namoyish etgan.
Izoh (0)