Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “Daryo” jurnalisti bilan bo‘lgan suhbatda viloyatdagi umumtaʼlim maktablarida taʼlim tizimini qanday qilib quyi pog‘onadan yuqori pog‘onaga olib chiqqani haqida gapirdi.
Hamma maktab direktorlarini rotatsiya qildik. Viloyat miqyosida 966 ta maktab bo‘lsa, barcha direktorlarni. Mayli, 10-15 foizini xato rotatsiya qilgandirmiz, adashgandirmiz. To‘liq ideal qilib bo‘lmaydi-ku, uning iloji yo‘q. Zo‘r maktabda ishlayotgan, hammasini yo‘lga qo‘yib olgan direktorlar norozi bo‘ldi. “Nega men bu maktabga o‘taman? Nima uchun bu qoloq maktabga direktor bo‘lishim kerak?” deyishdi. Lekin biz tushuntirdik va qattiq turdik. Hamma javobgarlikni o‘zimga olib, prezidentimizga ham ayrim paytlarda “mana shunday norozi bo‘lyapti, lekin mana bunday qildik”, deb axborot ham berib turdik, deydi viloyat rahbari.
-KGL4XNni.avif)
Viloyat hokimining aytishicha, hududda 966 ta maktab bo‘lsa, 448 tasi taʼmirdan chiqqan.
Viloyatga hokim bo‘lib kelgan paytlarimda maktablarga kirib qo‘rqib ketganman. Toshkent shahrida ishlab, u yerdagi maktablar bilan taqqoslaganman-da. Maktablarda umuman sharoit yo‘q edi. Surxondaryo maktablariga bugun kiring. Prezidentimizga “Hurmatli Prezident, shunday-shunday” deb maʼlumot berganimizdan keyin dasturlarga tushib, qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi. Bir so‘mni 10 so‘m qilib, hammamiz birgalashdik. Tadbirkorlar o‘zi o‘qigan maktablarini taʼmirlab bergach, bu juda yaxshi qiziqish bilan qabul qilindi. Qolganlar ham o‘shandan o‘rnak olyapti. Rahbarlar ham o‘zi o‘qigan maktabiga kiryapti. 448 ta maktab kapital taʼmirdan chiqdi, deydi Ulug‘bek Qosimov.

Ulug‘bek Qosimov Saida Mirziyoyevaning Surxondaryo viloyatidagi maktablarga tashrif buyurishi maktablarning tubdan o‘zgarishiga turtki berganini taʼkidlamoqda.
Saida Shavkatovnaning bir kelib ketganlari bilan o‘sha maktab yangi bo‘ldi, odamlar xursand. O‘sha rasmdagi maktab. Hamma ko‘rgan uni. Xuddi shunaqa maktablar ko‘p edi. Bu haqda Saida Shavkatovnaga axborot bergandim. Keyin o‘zlari ham “Ehhe, mana bunaqa maktablar bilan biz qanday qilib taʼlim-tarbiyani so‘raymiz? Taʼlim sifatini qanday so‘raymiz?” deb hayron qoldilar-da. Aytdim, yo‘q, Saida Shavkatovna, biz mana shunday dasturlar bilan ketyapmiz dedim. Odamda xohish bo‘lsa bor-ku, ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir deydi-ku. Imkoniyat topilar ekan. Men bitta narsaga amin bo‘ldim, prezidentimiz bekorga aytmas ekanlar maktab chiroyli bo‘lsa, sifati ham o‘zgarar ekan. O‘qituvchining ham kayfiyati o‘zgaradi. Ish joyiga nisbatan mehri bo‘ladi. Bugun farzandlarimizning tarbiyasiga, taʼlimiga qattiq eʼtibor berishimiz kerak. Surxondaryoliklarning hammasi bolalarini o‘qitishi kerak. Yagona bizning yutug‘imiz shu bo‘ladi, deydi hokim.
Izoh (0)