O‘zbekistonlik hakam Rustam Lutfullin Qadarda bo‘ladigan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishlaydi. Buning natijasida FIFA ilk bor bir yil ichida ikki xil o‘zbekistonlik hakamlar brigadasini turli musobaqalarga tayinladi. Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayevning ta’kidlashicha, bu tarixda ilk marta yuz bergan.

Unga ko‘ra, avvalgi yillarda asosan Ravshan Ermatovni FIFA tashkil qiladigan musobaqalarga tayinlangan, natijada boshqa nomzodlar, xususan Valentin Kovalenko e’tibordan chetda qolgan. Biroq hozir vaziyat o‘zgargan:
O‘zbekiston futboli tarixida ilk bor bir yil ichida ikki xil hakamlar brigadasi FIFA musobaqalariga jalb etildi. Men bu yerda futzal, plyaj futboli yoki ayollar futboli musobaqalarini nazarda tutmayapman. Albatta, avval Ravshan Ermatov futzal bo‘yicha turnirlarda faoliyat olib borgan Shuhrat Po‘latov hamda plyaj futboli musobaqalariga bir necha bor chaqirilgan Baxtiyor Nomozov bilan to‘qnash kelgan bo‘lishi mumkin, ammo futbolda bu holat birinchi marta yuz berdi, deydi Nikimbayev.
Uning ta’kidlashicha, sobiq hakam Valentin Kovalenko ham Jahon chempionatida ishlash salohiyatiga ega bo‘lgan. Biroq FIFA unga imkon bermagan:
Ilgari FIFA faqat Ravshan Ermatovni tayinlab kelar edi. Holbuki, Kovalenkoning hakamlik darajasi OFK tomonidan yuqori baholangan va Osiyo Kubogi hamda Chempionlar Ligasi finaliga tayinlangan. O‘sha yillarda OFK hakamlar qo‘mitasidagi hamkasblarim “Valentinga boshqa mamlakat pasporti nasib qilganida, u Jahon chempionatiga ishlash imkoniga ega bo‘lardi” degan edi, deya eslaydi mutaxassis.

Nikimbayevning fikricha, bugungi kunda FIFA Ilgiz Tantashev hamda Rustam Lutfullin kabi yangi nomlarga birdek ishonch bildirmoqda:
FIFA Tantashevning mehnatini yuqori baholab, endi Lutfullinga ham imkoniyat bermoqda. Bu — O‘zbekiston hakamlik maktabiga bildirilgan yuksak e’tibor. Biroq bu ishonch ularga avans tarzida berilgan deb o‘ylayman. Har ikki hakam ham o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashi kerak, deya qo‘shimcha qiladi Nikimbayev.

Shuningdek, Alisher Nikimbayev yozda sodir bo‘lgan ayrim bahsli holatlar yuzasidan Tantashev va Lutfullin FIFA tomonidan so‘roqqa tutilganini ham eslatib o‘tgan:
O‘zimiz esa hakamlarimizga ko‘proq talab qo‘yayotgan ko‘rinamiz. Har bir xatoni bir umrga tatigulik deya baholayapmiz. Aslida, muhim jihat — xatoga emas, unga bo‘lgan munosabatimizga bog‘liq. Ilgiz va Rustam yozda yuz bergan holatlardan qanday xulosa chiqarishsa, bu ularning nafaqat ichki chempionatdagi, balki FIFA musobaqalaridagi kelajagini ham belgilaydi, deydi Nikimbayev.

Ma’lumot uchun, 2025-yilning yozida o‘tkazilgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida Ilgiz Tantashev ishtirok etgan edi. 3-noyabrdan 27-noyabrga qadar Qatar maydonlarida o‘tadigan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida esa Rustam Lutfullin ishlash imkoniga ega bo‘lgan.
Izoh (0)