Buyuk Britaniya fuqarosi Etel Katerhem 116 ga to‘lganini nishonladi. U bugungi kunda dunyodagi eng keksa odam sifatida e’tirof etilgan. Uning yubileyi haqida The Guardian nashri xabar berdi.

Etel Katerhem 1909-yil avgust oyida Xempshirdа tug‘ilgan. O‘sha davrda Buyuk Britaniyada Yelizaveta II ning bobosi — qirol Eduard VII hukmronlik qilgan edi. U Birinchi jahon urushi boshlanishidan besh yil avval dunyoga kelgan va sakkiz nafar boladan iborat katta oilada ikkinchi farzand bo‘lgan.
1931-yilda Etel bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Norman bilan tadbirda tanishgan. Norman Britaniya armiyasida mayor unvonida xizmat qilgan. Ular turmush qurgach, bir muddat Gonkong va Gibraltarda yashagan hamda ikki qiz farzandni voyaga yetkazgan.

Norman 1976-yilda vafot etgan. Shundan buyon Katerhem qariyb yarim asrni beva holatda o‘tkazmoqda. Hozirda u Surrrey grafligidagi qariyalar uyida yashaydi. Uni tez-tez nabiralari va evaralari ziyorat qilib turadi. Bugungi kunda Katerhemning uchta nabirasi va beshta evarasi bor.
116 yoshini qarshilagan Etel tug‘ilgan kunida ommaviy axborot vositalariga intervyu berishni istamay, “bayramni oila davrasida, sokin muhitda, o‘z xohishiga ko‘ra o‘tkazishni” afzal ko‘rdi, ammo istisno sifatida Buyuk Britaniya qiroli Karl III bilan uchrashuvga rozi bo‘ldi. O‘tgan yili qirol uning 115 yillik yubileyi munosabati bilan ayolga yozma tabriknoma yo‘llagan edi.

Avvalroq dunyodagi eng qari inson Braziliyalik rohiba Ina Kanabarro Lukaska edi. U 2025-yil aprel oyida 116 yoshida vafot etdi. Tarixda esa eng uzoq umr ko‘rgan inson sifatida fransuz ayoli Janna Kalman tan olingan. Ginness rekordlari kitobi ma’lumotlariga ko‘ra, u 122 yil-u, 164 kun umr ko‘rgan.
Izoh (0)