Mamlakatda odil sudlov sohasini raqamlashtirish maqsadida rivojlangan davlatlarning tajribasi asosida “Raqamli sud” konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bu haqda 21-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga qilingan taqdimotda muhokama etildi.

Prezident matbuot xizmati taqdimotda ochiq sudlov va tizimni raqamlashtirish masalasi muhokama qilinganini bildirdi. O‘z navbatida malakali kadrlar tayyorlash muammosiga ham yechimlar taklif etilgan.
“Odil sudlov sohasini raqamlashtirish maqsadida rivojlangan davlatlarning tajribasi asosida ‘Raqamli sud’ konsepsiyasi ishlab chiqildi va uni izchil amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Bu korrupsiyaning oldini olish, fuqarolar va tadbirkorlarga ovoragarchiliksiz odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi”, deyiladi manbada.
Tahlillarga ko‘ra, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan daʼvolarning katta qismi nizosiz ishlarga to‘g‘ri kelmoqda. Shu sabab bunday masalalarni maʼmuriy organlar vakolatiga o‘tkazish taklif etilyapti. Natijada fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari muammolari qisqa muddatda hal etilishi taʼminlanadi.

Taqdimotda maʼmuriy va iqtisodiy sud ishlarini eksterritorial tarzda ko‘rish tartibini joriy etish masalasi ko‘rilgan. Sudyalikka tayinlash muddatlarini qayta ko‘rib chiqilishi aytilgan.
“Barcha yo‘nalishdagi sudlar bo‘yicha mintaqaviy taftish sudlarini tashkil etish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlardagi taftish instansiyalarini tugatish taklifi bildirildi. Bunda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda faqatgina apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi bo‘lishi, taftish instansiyasi esa 5 ta mintaqaviy sudda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda”, deya qayd etilgan xabarda.

Muloqotda Sudyalar oliy maktabi negizida Odil sudlov akademiyasini tashkil etish konsepsiyasi taqdim qilingan. Davlat rahbari bildirilgan takliflarni maʼqullab, tegishli farmonlarni imzolagan.
Avvalroq sobiq tashqi ishlar vaziri, ayni paytda Markaziy Osiyo sunʼiy idrok assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekiston sud tizimida sunʼiy intellektdan foydalanish tezroq yo‘lga qo‘yilishi kerakligini aytgandi.
Izoh (0)