Xorijiy davlatlarda murakkab moliyaviy vaziyatda qolgan 621 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda 30-iyuldan 30-avgustgacha “Vatanga qaytarish” loyihasi e’lon qilingandi. Yuqoridagi shaxslar loyihaga e’lon qilingan kundan boshlab 18-avgustgacha Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan olib kelingan fuqarolardir.
Ular quyidagi davlatlardan vatanga qaytarildi:
- Rossiya — 460 nafar;
- Turkiya — 71 nafar;
- AQSH — 56 nafar;
- Qozog‘iston — 17 nafar;
- Janubiy Koreya — 4 nafar;
- Hindiston — 3 nafar;
- Yaponiya — 3 nafar;
- Polsha — 3 nafar;
- Misr — 2 nafar;
- Qirg‘iziston — 1 nafar;
- Saudiya Arabistoni — 1 nafar.
Ma’lum qilinishicha, ularning 326 nafari ayollar, 295 nafari erkaklar. Shundan 189 nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.
Bugungi kungacha Migratsiya agentligiga jami 2 045 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1406 nafaqar fuqaroga tushuntirish va huquqiy maslahatlar berilgan. 639 nafar fuqarodan vatanga qaytarish yuzasidan murojaatlar qabul qilingan.
“Vatanga qaytarish” xayriya gumanitar aksiyasi rejasiga asosan, avvalo Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSH va Koreyadagi deportatsiya markazlarida bo‘lib turgan ayollar va bolalar vatanga qaytariladi. Xorijda og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan fuqarolar Konsullik muassasalari yoki Migratsiya agentligi vakolatxonalari xulosasi asosida O‘zbekistonga olib kelinadi.
Vatanga qaytarilgan fuqarolarni samarali reintegratsiya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi. Ular davlat tomonidan taqdim etilayotgan maqsadli subsidiyalar, imtiyozli kreditlar, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Mahalliy hokimliklar, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitalari, vatanga qaytarilgan fuqarolarni ruhiy, ijtimoiy va iqtisodiy moslashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Izoh (0)