Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya prezidenti Vladimir Putin urushni tugatish uchun muzokara olib boradi. Prezidentlar ikki hafta ichida Vengriyada uchrashishi kutilmoqda. Bu haqda AQSH ma’muriyatining yuqori lavozimli vakili Reuters’ga ma’lum qildi.

Germaniya kansleri Fridrix Mertsning aytishicha, har ikki rahbar kelgusi ikki hafta ichida muzokaralar olib boradi.
Rossiya prezidentining bunday sammitga kelishga jur’ati yetadimi yo‘qmi, biz bilmaymiz. Oq uydagi uchrashuv tanaffusida AQSH prezidenti rossiyalik hamkasbi bilan telefonda gaplashdi. Keyingi ikki hafta ichida (Zelenskiy va Putin) uchrashuv bo‘lib o‘tishi to‘g‘risida kelishib olindi, dedi Merts.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa prezidentlar uchrashuvini Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkazishni taklif qilgan.
Biz ikki tomonlama uchrashuv amalga oshishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Keyin esa sentyabr oyi boshigacha ko‘p tomonlama sammit o‘tkazilishiga erishish kerak. Biroq eng avvalo, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha barcha ishlarni bajarish zarur. Shu bois, kelgusi ikki hafta nihoyatda muhim, dedi Makron.
Zelenskiy rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashishga tayyor ekanini bildirgan.
Men Putin bilan ikki tomonlama uchrashuvga tayyorligimizni tasdiqladim va Yevropaning barcha davlat hamda hukumat rahbarlari meni qo‘llab-quvvatladi, dedi u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvni hech qanday dastlabki shartlarsiz o‘tkazish lozim. U muzokaralarda hududiy masala ham ko‘rib chiqilishini ta’kidlagan.
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya prezidentlari sammiti o‘tkaziladigan joy keyinroq aniqlanishini aytgandi. U dastlab ikki davlat rahbarlari uchrashishi, so‘ngra Amerika prezidenti ishtirokida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tishini bildirgan. Reuters manbalariga ko‘ra, taklif Rossiya prezidenti tomonidan ilgari surilgan.
Izoh (0)