Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Bosh prokuratura Qarshi shahrida IIB mansabdorining homilador ayolga nisbatan qilgan xatti-harakatini o‘rganayotganini ma’lum qildi. IIV axborot xizmati rahbariga ko‘ra, holat tasdiqlanmagan.
Bu haqda bugun, 19-avgust kuni vazirlikda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z bordi.

Buni hozir faqat prokuratura o‘rganyapti. Boshlang‘ich ma’lumotga ko‘ra, bu holat tasdiqlanmagan. Lekin prokuratura o‘rganishni tugatib, to‘liq ma’lumot bermaguncha, biz uni to‘xtatib turibmiz. Chunki bu holat haqiqatdan tasdiqlanmagan. Agarda biz hozir birdaniga uni tasdiqlanmadi, deb beradigan bo‘lsak, yana savol tug‘ilishi mumkin, dedi Shohrux G‘iyosov Bosh prokuratura qanday xulosa qilishini aytar ekan.
Vazirlik mas’uli, shuningdek, savolga javob berish jarayonida tahririyatga ma’lumot kelib tushgach, iddaoga vazirlik axborot xizmatidan izoh olinmaganini ta’kidladi.
Sizlarga ma’lumot kelib tushganidan keyin sizlar birinchi navbatda bizdan ma’lumot so‘rardinglar, odatda. Lekin o‘sha paytda Qarshi shahar deb ma’lumot chiqardinglar, deya tahririyat ikkinchi tomondan izoh olmaganiga urg‘u berdi.
Mas’ulning bu gapiga javob bergan tahririyat jurnalisti maqolani tayyorlash davomida viloyat IIB axborot xizmatidan izoh olganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur maqolada viloyat IIB axborot xizmati Iroda Rasulovaning holatga “Murojaatchi yolg‘on ma’lumot bergan. Hozir Farrux Ibragimov bilan gaplashdim. U o‘sha ayol bilan yuzma-yuz kelmaganini aytdi. Qolgan ikki nafar xodimga chora qo‘llanilgani haqidagi ma’lumot ham yolg‘on”, deya bergan izohi qo‘shilgandi.
Iroda Rasulova jurnalistning “Farrux Ibragimov 2025-yilning 13-iyun kuni boshqarmaga olib borilgan Marhabo Boymurodova bilan ko‘rishmaganmi?” deya bergan savoliga “buning anig‘ini bilmayman”, deb javob qaytargandi. Shuningdek, u jurnalistning Farrux Ibragimov bilan muloqot qilish haqidagi so‘rovini rad qilgandi.
Bosh prokuratura axborot xizmati Hayot Shamsutdinov Qarshidagi holat bo‘yicha tahririyatga ma’lumot berar ekan, “Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025-yil 10-iyuldagi qarori Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan ijro uchun qabul qilingan. Tekshirish natijalari haqida qo‘shimcha xabar qilinadi”, degandi.
Izoh (0)