Joriy yil 17-avgust kuni AQSHning Merilend shtatida bo‘lib o‘tgan BMW Championship golf turnirida g‘aroyib voqea yuz berdi: britaniyalik golfchi Tommi Flitvud o‘yinda faxrli 4-o‘rinni egallashiga oddiy pashsha yordam berdi, deb yozmoqda “Pravila jizni”.

So‘nggi raundda Flitvudning zarbasidan keyin to‘p chuqurchaga tushishiga atigi bir millimetr qolib, uning chetida to‘xtab qoldi. Sportchi ham, tomoshabinlar ham bir necha soniya davomida hayajon bilan voqea rivojini kutib turishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, bir pashsha uchib kelib, to‘p ustiga qo‘ndi. Natijada to‘p biroz siljib, teshikka tushib ketdi.
O‘yin xulosasiga ko‘ra Flitvudga birdie (belgilangan standart zarbalar sonidan bir zarbaga kam urinishda yutish) yozildi. Bu esa unga turnirda to‘rtinchi o‘rinni egallash va 910 ming dollar mukofot puli olish imkonini berdi.
Ma’lumot uchun, BMW Championship PGA Tour doirasidagi yirik musobaqalardan biri bo‘lib, unda dunyoning eng kuchli golfchilari ishtirok etadi. 2025-yilgi o‘yinlar 14–17-avgust kunlari Merilend shtatidagi Caves Valley Golf Club maydonida o‘tkazildi. Turnir umumiy mukofot jamg‘armasi 20 million dollardan ortiqni tashkil qildi.

34 yoshli Tommi Flitvud Angliyaning professional golf o‘yinchisi bo‘lib, 2010-yilda professional sportga kirib kelgan va tez orada Yevropadagi eng istiqbolli golfchilardan biriga aylangan.
Izoh (0)