O‘zbekistonda mansabdorlar harakati sabab yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash bo‘yicha qonun loyihasi 19-avgust kuni deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zarar o‘rnini kompensatsiya qilish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan qoplab berilgan mablag‘larni keyinchalik aybdor deb topilgan davlat organining mansabdor shaxsidan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish tartibi belgilanmoqda.
Ya’ni loyihaga ko‘ra, jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan hamda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va (yoki) ma’naviy zararning o‘rnini qoplashda yagona amaliyot yo‘lga qo‘yilib, yetkazilgan zarar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy kompensatsiya jamg‘armalaridan qoplanadi. Keyinchalik aybdor shaxsdan tegishli davlat organi orqali regress tartibida undirib olinadi.
Qonun loyihasi 17-iyun kuni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, ma’qullangandi. Ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar, taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, yanada takomillashtirildi. Ayrim normalardagi nomuvofiqliklar bartaraf etilib, asosiy tushunchalar yuridik texnik jihatdan tahririy qayta ko‘rib chiqildi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Majlisda qayd etilishicha, ushbu hujjat fuqarolarning davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash hamda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishni nazarda tutadi.
Izoh (0)