Inson tezda to‘yinish xususiyatiga ega. Aynan shu sababli bir paytlar eng sevimli bo‘lgan mashg‘ulot kunlarning birida juda bema’ni va zerikarli tuyulishi mumkin. Yaqinda quvonch bag‘ishlagan narsa endi charchatadigan va tushkunlikka soladigan bo‘lib qoladi. Bu nafaqat ish va sevimli mashg‘ulotlarga, balki atrofdagilarga, yashash joyiga va hatto ijtimoiy tarmoqlar lentasini ko‘rish kabi dam olish turlariga ham taalluqlidir.

Har kuni yuzlab yangi kulgili rilslar paydo bo‘lmoqda, TikTok’da esa tobora murakkab va jozibador trendlar o‘ylab topilmoqda. Nahotki endi hatto kulgili videolar ham quvonch keltirmasa? Bu tez dofaminga qaramlikning eng yuqori nuqtasi ekanini bilarmidingiz?
Mobil telefon qanday qilib qo‘limizning ajralmas qismiga aylandi
Ilgari telefonlar hali tugmali paytida, ularni uyda unutib qoldirishimiz odatiy hol edi. Hozir esa uydan chiqayotganda beixtiyor kalit, hamyon va telefonimizni qo‘lga olamiz. Telefon go‘yo tanamizning bir qismiga aylanib qolgan, agar tasodifan uni uyda unutib qoldirsak, “Kimdir shoshilinch masala bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilib qolsa-chi?”, “Biror kishi meni topolmay qolsa-chi?” kabi tashvishli savollar girdobida qolamiz.
Telefon va dofamin
1973-yilda ilk mobil telefon yaratilgan. O‘sha paytda uni faqat juda boy odamlar ishlata olgan. 1992-yilda esa birinchi sensorli telefon paydo bo‘ldi. Bugungi kunda esa telefon nafaqat qo‘ng‘iroq vositasi, balki kamera, daftar, kalkulyator, musiqalar to‘plami va eng asosiysi — aloqa va hordiq chiqarish manbai.
Zamonaviy hayotdagi katta stress va charchoq tufayli ko‘pchilikda telefonga qo‘l uzatib, xabarlar, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarni tekshirish odati paydo bo‘lgan. Bu miya uchun o‘ziga xos signal: “hammasi joyida, nazorat ostida”. Olimlar isbotlaganidek, agar insonni telefondan ayirib qo‘yilsa, unda stress gormoni — kortizol oshadi. Aksincha, hech kim yozmaganini bilishning o‘zi ham odamga yengillik beradi. Shunday qilib, miyamizda oddiy bog‘lanish hosil bo‘ladi: harakat (skroll qilish) → natija (tinchlanish).
Miya uchun fast-fud
Ijtimoiy tarmoqlarda layklar olish — kichik mukofotga o‘xshaydi. Har bir layk odamga quvonch beradi, shuning uchun u keyingi safar yana post joylashga intiladi. Eng kuchli va tezkor dofamin manbai esa rils yoki TikTok kabi qisqa videolardir. Faqat bir barmoq harakati bilan tarmoq sizga yoqadigan kontentni chiqaradi. Haqiqiy muloqot yoki faoliyatdan ko‘ra, miya shu oson yo‘lni tanlaydi.

Nega tezda zerikib qolyapmiz?
Ammo dofamin tez-tez ajralsa, miya uni kamroq qabul qiladi, ya’ni avvalgidek zavq olish uchun kuchliroq kontent kerak bo‘ladi. Natijada real hayot zerikarli, rangsiz ko‘rina boshlaydi. Shunda odam telefonga qayta murojaat qiladi, lekin bu safar zavq olish uchun emas, balki tushkunlikdan qutulish uchun.
Shu tarzda odatiy qaramlik vujudga keladi:

Xulosa
Telefon va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Ular bizga qulaylik, tezkor aloqa va hordiq hadya qilsa-da, tezkor dofamin orqali insonni o‘ziga qaram qilib qo‘yishi ham mumkin. Skroll qilish, like olish, qisqa videolar tomosha qilish miyamizni vaqtinchalik tinchlantiradi, ammo asta-sekin real hayotning mazmunini xira qiladi. Shuning uchun muhim savol shuki: biz telefondan foydalandikmi yoki u bizni boshqarayaptimi?
Aslida chiqish yo‘li oddiy: o‘z harakatlarimizni anglash, telefondan avtomatik foydalanishni to‘xtatish va hayotimizdagi bo‘shliqni virtual dunyo emas, balki haqiqiy muloqot va mazmunli faoliyat bilan to‘ldirishga e’tibor berish lozim.
Izoh (0)