AQSHning Kaliforniya shtatida sharshara ortidagi g‘orda ikki kun qolib ketgan 46 yoshli erkak politsiya tomonidan vertolyot yordamida qutqarib olindi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Tulare okrugi sherifining ma’lum qilishicha, Rayan Uordvel 10-avgust kuni “Seven Teacups” nomi bilan mashhur sharsharalarga kelib, arqon yordamida pastga tushishni rejalashtirgan. Ammo kuchli suv oqimi uning arqonini uzib yuborib, erkak Keren daryosi sharshara ortidagi g‘orga tushib qolgan.
Uordvelning mashinasiga qaytmaganini ko‘rgan mahalliy huquq-tartibot idoralari 11-avgust kuni infraqizil texnologiyalar (issiqlikni aniqlovchi qurilmalar) va vertolyot yordamida qidiruv ishlarini boshlagan. Biroq murakkab relyef va qorong‘ilik tufayli qidiruv muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Oradan bir kun o‘tib, dron sharshara ortida hayot uchun kurashayotgan erkakni tirik va hushyor holda topgan.
Yo‘l patrul vertolyoti ekipaji uni xavfsizlikka olib chiqqan va Uordvelga yengil jarohatlar va suvsizlanishga qarshi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. So‘ngra u yaqinlari bilan uchrashtirilgan. Sheriflik idorasi erkakni mo‘jiza tufayli omon qolganini ta’kidlamoqda. Xususan, Tulare okrugi sheriflik boshqarmasi kapitani Kevin Kemmerlingning aytishicha, Uordvel ikki kun davomida g‘ordan chiqishga uringan, ammo buning imkoni bo‘lmagan.
“G‘orda Uordvelning isinishiga ham, qurishiga ham imkon yo‘q edi, sharoit juda og‘ir bo‘lgan”.
Uordvelning aytishicha, u ushbu sharsharaga oldin ham bir necha bor kelgan va pastga tushishga uringan. Ammo bu safar uning hamrohlari suv oqimining kuchini ko‘rib, davom etmaslikka qaror qilgan. U esa yo‘lida davom etgan va baxtsiz hodisa tufayli sharshara ortidagi qorong‘i g‘or ichida ikki kun nam va sovuq sharoitda qolib ketgan.
Izoh (0)