Joriy yil 13-avgust kuni Portugaliyaning Porto shahridagi Kampana rayonida g‘ayrioddiy, ammo nihoyatda ayanchli voqea yuz berdi. 59 yoshli erkak o‘z uyida tasodifiy baxtsiz hodisa oqibatida hayotdan ko‘z yumdi — uni ayolning vazni bosib qoldi.

Correio da Manhã va The Mirror nashrlarining yozishicha, 60 yoshli ayol yotoqdan turmoqchi bo‘lganida oyog‘i qoqilib ketgan va shu paytda yerda uxlab yotgan erining ustiga yiqilgan. U karavot va devor orasida qisilib qolib, o‘rnida tura olmagan. Vazni 100 kilogrammdan ortiq bo‘lgan ayol erkakning nafas yo‘llarini to‘sib qo‘ygan va u kislorod yetishmovchiligidan (asfiksiya) halok bo‘lgan.
Voqea joyida ayol qichqirib, yordamga chaqirgan va qo‘shnilar zudlik bilan yordamga yetib kelgan. Ayolni ko‘tarib olish uchun besh kishi harakat qilgan, biroq bu vaqtga kelib erkakda hayot alomatlari ko‘rinmagan. Hodisa joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar va shifokorlar unga birinchi yordam ko‘rsatgan, jonlantirish choralarini ko‘rgan, ammo erkakni qutqarish imkoni bo‘lmagan.
Portugaliya politsiyasi voqeani “tasodifiy o‘lim” sifatida tasniflab, jinoyatni istisno qildi. Tergovga yaqin manba xulosasiga ko‘ra, ayol muvozanatini yo‘qotib yiqilgan va hech qanday zo‘ravonlikni rejalashtirmagan.
Odatda bunday travmadan keyin odamlar o‘zini aybdor his qilishi, kuchli stress va depressiya kechirishi ehtimoli katta. Shu sababli ayolga professional psixologik yordam taklif qilingan.
Tibbiyot mutaxassislariga ko‘ra, odamning tasodifiy bosib qolishi oqibatida asfiksiya bilan vafot etishi juda kam uchraydigan holat.
Izoh (0)