ChatGPT asoschisi Sem Altman 10-avgust kuni odamlarning hayotdagi eng muhim qarorlarini OpenAI yordamida qabul qilayotgani yuzasidan xavotir bildirdi. Bu haqda Business Insider xabar berdi.

Sem Altman sun’iy intellekt (SI) borasidagi xavotirlari bilan ulashib, X ijtimoiy tarmog‘ida shunday post qoldirgan:
“Aksar odamlar ChatGPT’ni psixolog yoki hayotiy murabbiy sifatida ishlatadi, hatto o‘zlari buni shunday deb atamasalar ham. Kelajakda ham ko‘pchilik eng muhim qarorlarini sun’iy intellekt maslahatiga tayangan holda qabul qilishi mumkin. Bu yaxshi bo‘lishi ham mumkin, lekin bu meni xavotirga solmoqda”.
Unga ko‘ra, OpenAI foydalanuvchilarning sun’iy intellekt modellariga qanchalik bog‘lanayotganini va eski versiyalar o‘chirib tashlanganda qanday munosabat bildirishini diqqat bilan kuzatmoqda. Altman sun’iy intellekt texnologiyalari, jumladan ChatGPT, odamlarning o‘ziga zarar yetkazishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlagan.
“Ko‘pchilik foydalanuvchilar haqiqat, xayolot yoki rol o‘ynashni ajrata oladi, biroq bunday qila olmaydiganlar ham bor. ChatGPT’ni uzoq muddat ishlatish inson salomatligiga, xususan, aqliy faoliyatga zarar yetkazadi”, dedi Altman.
Shuningdek, u so‘nggi versiya GPT-5 ishga tushirilgach ayrim foydalanuvchilar tomonidan bildirgan noroziliklarga ham to‘xtalib o‘tgan. Uning aytishicha, ba’zilar SIning eski modelini qayta tiklashni so‘ragan. Aksariyat shikoyatchilar yangi model “zerikarli” ohangda javob berayotgani va ijodkorlik yetishmayotganini tanqid qilmoqda.
OpenAI ishga tushirilganidan beri unga o‘zgartirishlar kiritilib kelinadi. Masalan, aprel oyida GPT-4o’ga kiritilgan yangilanish bekor qilingan, chunki model foydalanuvchilarga haddan tashqari “xushomadgo‘y” javoblar bera boshlagan edi.
Izoh (0)