O‘zbekistonda 2025-yil iyul oyida quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 1 mlrd 246 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, bu — yangi rekord ko‘rsatkich.

Bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 4119 megavatt bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 4 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.
“Ta’kidlash kerakki, iyul oyida mazkur stansiyalar tomonidan 1 mlrd 246 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani mamlakatimiz energetika tizimi uchun yangi rekord natijadir”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, 1 mlrd 246 mln kVt/soat elektr energiyasi oy davomidagi jami generatsiyaning 17 foizi, deganidir. Iyul oyidagi mazkur generatsiyaning 760,9 mln kVt/soatlik qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 485,4 mln kVt/soatlik qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
- 377,5 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- atmosferaga 1 mln 120 ming tonna zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Bundan avval joriy yil may oyida quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 1 mlrd 104 mln kVt/soatni tashkil qilib, oy davomidagi ilk rekord natija qayd etilgan edi. Iyul oyida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi esa may oyidagidan 142 mln kVt/soat ko‘p bo‘ldi.
Izoh (0)