Aktyorlik kasbida nafaqat iste’dod, balki jasorat ham talab etilishini Gollivud yulduzlari yaxshi biladi. Ayniqsa, o‘zining jozibali tashqi ko‘rinishi bilan tanilgan aktyorlar ekranda butunlay boshqa — g‘ayrioddiy, xunuk yoki keksa obrazlarni gavdalantirishi alohida tahsinga loyiq. Quyida yaqindan qaraganda ham tanib bo‘lmas darajadagi rollarni ijro etgan va muxlislar ko‘nglini yanada zabt etgan aktyorlar haqida ma’lumot beriladi.

Jeykob Elordi
Netflix’ning joriy yil noyabr oyida namoyish etilishi kutilayotgan “Frankenshteyn” nomli dahshatli filmida aktyor Jeykob Elordi bosh rolda — Frankenshteyn obrazida paydo bo‘ladi. Grim ustalari Elordini shu darajada o‘zgartirishganki, treylerni ko‘rgan hatto eng ashaddiy muxlislar ham uni tanimay qolmoqda. Kadrdagi surat bilan Elordining asl ko‘rinishi orasida hech qanday o‘xshashlik qolmagan.


Jared Leto
“Gucci uyi” nomli kriminal dramada muxlislar hashamat va estetik moda muhitini kutgan edi, biroq keksaygan Jared Leto obrazini ko‘rib, tomoshabinlar hayron qolishdi. Filmda aktyor qarib qolgan, sochlari to‘kilib ketgan va biroz semirib qolgan modelyer — Paolo Gucci obrazida gavdalanadi. Vizajistlar bu rol uchun uning yuzini tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirgan va buning uddasidan chiqqan ham.


Bill Skarsgard
Stiven Kingning mashhur “U” asari asosida suratga olingan fentezi dramasida bosh qahramon Pennivays rolini Bill Skarsgard ijro etgan. Masxaraboz obrazining mudhish yuz ifodasi, qator-qator tishlari va vahimali nigohi tomoshabinlarni larzaga solgan. Agar muxlislar Bill Skarsgard filmda ishtirok etishini oldindan bilmaganida edi, ko‘plar bu aktyorni tanimagan bo‘lardi.


Glen Pauell
2025-yil sentyabr oxirida premyerasi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Chad Pauers” serialda Glen Pauell bosh rollardan birini o‘ynaydi. Bu safar aktyor qo‘rqinchli qiyofada bo‘lmaydi, lekin odatdagi kelishgan ko‘rinishidan butunlay boshqacha tarzda: uzun sochli, qavariq burunli, yonoqlari esa to‘lishgan holatda namoyon bo‘ladi.


Bredli Kuper
“Maestro” filmida Bredli Kuper mashhur bastakor Leonard Bernshteyn rolini ijro etgan. Filmda u ikki xil vaqtdagi bir obraz aks etadi. Yoshlikdagi sahnalarda aktyor asl ko‘rinishida bo‘lsa, hozirgi zamondagi sahnalarda esa Kuper maxsus grim yordamida keksa qiyofada rol o‘ynagan.


Ebon Moss-Bakrak
“Fantastik to‘rtlik: Ilk qadamlar” filmida Ebon Moss-Bakrak maxluq ko‘rinishidagi Ben Grimm rolini ijro etgan. Uning qiyofasi shu qadar o‘zgargan va kompyuter grafikalari bilan to‘la edi-ki, aktyorni tanish deyarli imkonsiz bo‘lgan.


Kolin Farrell
Kolin Farrell “Pingvin” filmida jinoyat olamining vakili — Osvald Kobblpot obrazini gavdalantirgan. Grim ustalari uning yuziga chuqur chandiqlar, boshiga tepakallik va badaniga bir necha o‘n kilogramm “ortiqcha vazn” qo‘shgach, aktyor ekranda butkul boshqa odamga aylangan.


Izoh (0)