Samolyotda hech bo‘lmasa bir marta parvoz qilgan har bir odam deyarli shuni payqagan: yo‘lovchi salonidagi o‘rindiqlar aksariyat hollarda ko‘k rangda bo‘ladi. Tengri Travel aviakompaniyalar va samolyot ishlab chiqaruvchilari nega aynan shu rangni tanlashlarini aniqlashga qaror qildi.

Nega aynan ko‘k rang tanlanadi?
Rang psixologiyasi sohasidagi tadqiqotlar, jumladan, Springer Nature nashrida chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘k rang ishonchlilik, malaka va xotirjamlik bilan bog‘liq. Marketingda u ko‘pincha “xavfsiz brend” qiyofasini shakllantirish uchun ishlatiladi. Aynan shu xususiyatlar ko‘k rangni yo‘lovchi salonlari interyerida mukammal yechim sifatida qo‘llaniladi. Ayniqsa, uzoq parvozlardagi tashvish va charchoqni kamaytirish maqsadida zarur hisoblanadi.
Boeing dizaynerlarining so‘zlariga ko‘ra, salonlardagi ranglar, shakllar va yoritish elementlari yo‘lovchining psixologik qulayligi hisobga olingan holda tanlanadi. Ko‘k va ko‘kimtir-yashil soyalar deyarli har doim tinchlik va xotirjamlik bilan bog‘lanadi. Bu, ayniqsa, balandlikda va yopiq joyda bo‘layotgan yo‘lovchilar uchun juda muhim.
Yana nimaga e’tibor beriladi?
Ranglar insonning fazoni qanday qabul qilishiga ham ta’sir qiladi. Yorqin va och ranglar fazoni kengroq, yengilroq va yorug‘roq qiladi. Dizayner Virjiniya Trippning tushuntirishicha, egri sirtlarga tushayotgan yorug‘lik bo‘shliq hissini kuchaytiradi va odamni yanada xotirjam qiladi. Bu holat muloyim ko‘k ranglar bilan uyg‘unlashganda, fazo yanada kengroqdek tuyuladi.

Delft texnologiya universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, qulaylik faqat o‘rindiqqa emas, balki bir nechta omillarga — shovqin, tebranish, harorat, yoritish va fazoga bog‘liq. Olimlar aynan o‘rindiqning elementi — orqa suyanchiqlari, yostiqlari, old qator bilan oraliq — jismoniy va psixologik qulaylik darajasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi, deya ta’kidlaydi.
Shuning uchun, aviakompaniyalar uchun ko‘k rangni tanlash — bu strategik qaror bo‘lib, mijozlar qoniqishini oshirishga xizmat qiladi. Yo‘lovchilar uchun esa bu sayohatni biroz xotirjam va yoqimli qiladi.
Izoh (0)