O‘zbekistonda kambag‘al oila a’zosi bo‘lgan xotin-qizlarga uy-joy ta’miri uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorida pul ajratiladi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 26-iyuldan kuchga kirgan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi. Qaror bilan “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, kambag‘al oila a’zosi bo‘lgan xotin-qizlarning hamda oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravarigacha bo‘lgan oilalarning uy-joyi holati sektorlar ishchi guruhlari tomonidan tegishli mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganiladi va nuqson dalolatnomasi hamda ta’mirlash yoki qurilish materiallarini olib berish bo‘yicha smeta ishlab chiqiladi.
Har bir uy-joyni ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallarini xarid qilish uchun tegishli tovarlarni (xizmat va ishlarni) yetkazib beruvchilarga shartnomaga muvofiq “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan BHMning 50 baravarigacha miqdorida o‘tkazib beriladi. 1-avgustdan BHM 412 ming so‘mni tashkil etishi hisobga olinsa, bu miqdor 20,6 mln so‘m bo‘ladi.
Sektorlar rahbarlari tumanlar (shaharlar) qurilish bo‘limlari bilan birgalikda mablag‘ ajratilgan vaqtdan boshlab ta’mirlash ishlari sifatli bajarilishini tashkil etadi va nazorat qiladi.
Shuningdek, kambag‘al oila a’zosi bo‘lgan xotin-qizlarga “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan turar joy ijarasi uchun to‘lovlarning 50 foizi, lekin ko‘pi bilan BHMning 2 baravarigacha, Toshkent, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida BHMning 3 baravarigacha miqdorda qoplab beriladi.
Prezidentning “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni bilan 2025-yil 1-apreldan boshlab “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar yordamlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ijtimoiy yordamlar esa — oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarga ham taqdim etilishi belgilangandi.
Izoh (0)