UFC yengil vazn toifasining (-70 kg) sobiq chempioni, 33 yoshli rossiyalik aralash jang san’ati ustasi Islom Maxachev keyingi jangi bo‘yicha deyarli kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Bu haqda Championat nashri xabar berdi.

Keyingi jang bo‘yicha 90 foiz kelishuvga erishilgan. Ehtimol, bu bahs noyabr oyida bo‘lib o‘tishi mumkin, — dedi Maxachev UFC matbuot xizmatiga bergan intervyusida.
Maxachev so‘nggi jangini 2025-yil 18-yanvar kuni, UFC 311 turniri doirasida o‘tkazgan edi. Kaliforniyaning Los-Anjeles shahrida o‘tgan kechada u braziliyalik Renato Moykanoga qarshi oktagonga chiqib, raqibini birinchi raunddayoq bo‘g‘ish usuli (submission) bilan mag‘lubiyatga uchratdi va yengil vazn toifasida o‘z kamarini to‘rtinchi marta himoya qildi. Maxachev 2025-yil iyun oyida o‘z kamarini vakant qoldirib, vazn o‘zgartirishini ma’lum qildi.
Maxachevning noyabr oyidagi jangi kimga qarshi bo‘lishi hozircha rasman e’lon qilinmagan. Biroq turli nashrlar bu jangda raqib avstraliyalik Jek Della Maddalena bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Sababi Maddalena o‘z vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritganidan so‘ng, Maxachevni ochiqchasiga jangga chaqirgan edi. Dog‘istonlik sportchi esa bunga:
Ikki vazn toifasida chempion bo‘lish vaqti keldi, — deya javob bergan.
Shundan keyin ularning ehtimoliy jangi UFC muxlislari orasida katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Jek Della Maddalena UFC’ning yarim o‘rta vazn (-77) toifasida jang qiladi.
Izoh (0)