Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) falastinliklarga davlat qurishda ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk bayonot berdi.

May oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Kanada bosh vaziri Mark Karni qo‘shma bayonot e’lon qilgandi. Unda rasmiylar Falastin davlatini tan olishga qat’iy qaror qilganini ma’lum qilgan. Ular “ikki davlat yechimi”ni amalga oshirish uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Shuningdek, Fransiya prezidenti 24-iyul kuni BMTning sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan sammitida Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qilgan. Falastin rasmiylari Makronning qarorini olqishlagan bo‘lsa, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bu qadam “terrorni mukofotlash” ekanini aytgan. AQSH davlat kotibi Marko Rubio Makronning bayonotini qat’iyan rad etib, uning qarorini beparvolikka yo‘ygan.
Bugungi kunga kelib, Falastin davlatini dunyo bo‘ylab 147 ta mamlakat tan olgan. Ular orasida AQSH mavjud emas. U 2024-yilda Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishini veto qilgandi. Xuddi shu yildan boshlab Falastinni Irlandiya, Norvegiya, Ispaniya va Armaniston kabi 10 ta davlat tan olgan.
Izoh (0)