Saudiya Arabistonining kuchli klublaridan biri — “An-Nassr” 25 yoshli portugaliyalik hujumchi Joau Feliksni xarid qilish bo‘yicha “Chelsi” bilan muzokaralarni yakunlash arafasida turibdi. Bu haqda insayder Fabrisio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, “An-Nassr” Feliksning transferi yuzasidan rasmiy taklif yuborgan va futbolchining o‘ziga ham aniq shartnoma taklif qilgan. Muzokaralar faol davom etmoqda. Unga ko‘ra, tomonlar yaqin 24–48 soat ichida kelishuvga erishishi mumkin.
Avvalroq Feliks o‘zining sobiq klubi — “Benfika”ga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Portugaliya klubi “Chelsi” bilan deyarli kelishuvga erishgan bo‘lsa-da, moliyaviy omillar hamda Krishtianu Ronaldu bilan bir jamoada to‘p surish istagi futbolchining qaroriga ta’sir qilgan.
Joau Feliks 2015-yildan 2019-yilgacha “Benfika” tizimida to‘p surgan. 2019-yilda u 127,5 million yevro evaziga “Atletiko Madrid”ga o‘tgan, biroq Diego Simeone qo‘l ostida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmadi. So‘nggi yillarda u “Barselona” va “Milan” jamoalarida ijarada harakat qildi. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida “Milan” safida 21 uchrashuvda qatnashib 3 ta gol muallifiga aylangan. Transfermarkt portali hozirda Feliksning transfer qiymatini 20 million yevro deb baholamoqda.
Izoh (0)