So‘nggi yillarda Gollivud yulduzlari orasida Los Anjelesni tark etib, tinch va xotirjam hayot izlab boshqa joylarga ko‘chib o‘tish holatlari ko‘paymoqda. Ular oila bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish, farzandlar uchun xavfsiz muhit yaratish, tabiat bilan uyg‘un bo‘lish kabilarni afzal ko‘rmoqda. Quyida Gollivuddagi hayotdan voz kechgan mashhurlar haqida so‘z boradi

Lili Kollinz Daniya, Kopengagenda yashamoqda

“Emili Parijda” seriali yulduzi Lili Kollinz turmush o‘rtog‘i, rejissyor Charli Makdauell bilan Daniyaning poytaxti Kopengenga ko‘chib o‘tgan. Ular bu shaharda hayot tinch va qulay bo‘lishini qayd etgan. Juftlik Daniyada kino ishlab chiqarishga oid biznes bilan shug‘ullanadi. Ular aynan shu yerda asal oyini o‘tkazgan.
Yeva Longoriya Ispaniya va Meksikada istiqomat qilmoqda

Aktrisa Yeva Longoriya hozirda Ispaniya va Meksikada yashaydi. U Gollivuddagi doimiy yashash joyini butunlay tark etgan. Aktrisa Ispaniyada turli loyihalarda ishtirok etadi, Meksikada esa turmush o‘rtog‘i bilan yashaydi. Longoriya o‘z intervyularida tinchlik va oilaviy muhit har qanday karyeradan ustuvor ekanini ta’kidlagan.
Kris Evans vataniga qaytgan

Marvel filmlaridagi Kapitan Amerika obrazi bilan tanilgan Kris Evans Kaliforniyani tark etib, o‘zining tug‘ilgan joyi — Bostonga yaqin shaharchaga qaytgan. Aktyor u yerda sokin hayot ritmi, tabiat va tinchlikni qadrlaydi. Ayni paytda Evans kinodagi faoliyatini davom ettirgan holda, ommadan biroz chekinishni tanlagan.
Metyu Makkonaxi Texasda yashamoqda

“Oskar” sovrindori Metyu Makkonaxi o‘zining rafiqasi Kamila va uch farzandi bilan Texas shtatiga ko‘chib o‘tgan. Aktyor bu qarorini oilaga g‘amxo‘rlik qilish, uning xarakteriga mos madaniyat va hayot sur’atining sekinligi bilan izohlagan.
Amanda Sayfred Nyu Yorkdagi fermaning egasi

Aktrisa Amanda Sayfred Nyu York shtatining Katskils tog‘lari yaqinida joylashgan kichik fermada yashaydi. U yerda turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan birga hayvonlar boqadi va oddiy hayot kechiradi. Aktrisa Gollivuddagi bosimlardan qutulish maqsadida shunday qarorga kelgan. U hali ham filmlarda suratga tushadi, lekin doimiy yashash joyi sifatida shahar emas, qishloq hayotini tanlagan.
Lindsi Lohan Dubayda istiqomat qilmoqda

Gollivud yulduzi Lindsi Lohan so‘nggi yillarda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yashaydi. Bu yerda aktrisa shaxsiy hayotga aralashuvning kamligi va qonunlar bilan himoyalangan shaxsiy erkinlikni qadrlaydi. Lohan ayni paytda ona hamdir, u farzandi bilan tinch va tartibli hayot kechirishni ma’qul ko‘radi. Dubayda esa buning uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Izoh (0)