Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) hisobotiga ko‘ra, 2030-yilga kelib jazirama va u bilan bog‘liq stress tufayli dunyoda 80 million ish o‘rni yo‘q bo‘lib ketadi. Biroq iqlimshunos olimlar isish jarayoni tezroq kechishidan ogohlantirmoqda. Harorat ko‘tarilishi ko‘proq ochiq havoda ishlaydigan odamlarga, masalan, quruvchilar, dehqonlar va kuryerlarga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi, turizm va transport sohalarida ham mehnat sharoitlari yomonlashadi.
Eng og‘ir vaziyat Janubiy Osiyo va G‘arbiy Afrikada kutilmoqda. Bu hududlarda ekstremal issiqlik allaqachon inson tanasining fiziologik chegaralariga yaqinlashmoqda va mehnat sharoitlari ko‘pincha asosiy xavfsizlik standartlariga javob bermayapti. Biroq rivojlangan mamlakatlar ham jiddiy muammolardan chetda qolmaydi: Yevropa davlatlari ham haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch keladi.
Odamlar bunday ob-havoda ishlashga nega qiynaladi va issiqda qanday ishlash kerakligi haqida “Dokstarklab” tibbiy ta’lim akademiyasi asoschisi, kardiolog Aleksandra Demkina Forbes uchun yozgan maqolasida so‘zlab beradi.
Yuqori harorat ish qobiliyatiga qanday ta’sir qiladi?
Issiq havoning ish qobiliyatini pasaytirishi haqidagi tadqiqotlar kam. Buning sababi kognitiv qobiliyatlarni baholash jarayonining murakkabligi, uslublarni ishlab chiqish va kelishib olish zarurati hamda korporativ ma’lumotlarning yopiqligidir. Biroq shunday kasblar borki, ularda diqqat susayishi va xatolar o‘limga olib keladi, shuning uchun ular haqida ma’lumotlar ko‘proq. Masalan, jaziramada halokat bilan tugagan yo‘l-transport hodisalari soni 3,4 foizga, 56-65 yoshli haydovchilar orasida esa 8,2 foizga oshadi. Ispan olimlari ham harorat ko‘tarilganda avariyalar soni o‘sishini aniqlagan.
Konditsionersiz xonalarda ta’lim olayotgan talabalarda kognitiv qobiliyatlar pasayishi tez-tez kuzatiladi. Iqtisodchi Benjamin Krebs esa AQShning turli shtatlaridan 31 000 kishining “Raindrops” arifmetik o‘yinida to‘plagan ballarini tahlil qilib, shunday xulosaga kelgan: odatiy haroratdan yuqori bo‘lganda odamlarning aqliy qobiliyatlari pasayadi. Bunda issiqroq iqlimda yashovchilar sovuqqa o‘rganganlarga qaraganda kamroq ta’sirlanadi. Agar harorat 33-34 darajaga yetsa, mehnat unumdorligi 50 foizga pasayadi, deb ta’kidlanadi XMT hisobotida.
Vaziyatni noqulay mehnat sharoitlari: ifloslangan havo, xona yetarli darajada shamollatilmaslik va ish joyining noqulay tashkil etilishi yanada og‘irlashtiradi. Natijada issiq ob-havo xodimlarning hatto odatiy noqulayliklarga ham bardosh berish qobiliyatini sezilarli darajada pasaytiradi.
Odam qanday haroratda qulay ishlashi mumkin?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga ko‘ra, turar joylardagi havo harorati +18-24 daraja bo‘lishi lozim.
Biroq bu harorat har kim turlicha ta’sir qiladi. Masalan, hatto +20 darajada ham ayrim kishilar o‘zlarini haddan tashqari issiqda his qilishi mumkin. Bunga ham fiziologik, ham patologik holatlar sabab bo‘ladi. Misol uchun, agar odamda qalqonsimon bez kasalligi bo‘lsa, u sog‘lom odamlar salqin deb baholaydigan sharoitda ham o‘zini issiqda his qilishi mumkin.
Surunkali kasalliklarga chalingan odamlar yuqori harorat ta’siriga ayniqsa ta’sirchan bo‘ladi. Masalan, semizlikdan aziyat chekayotgan bemorlarda yurak-qon tomir va nafas olish tizimlariga tushadigan yuk normal vaznli odamlarga qaraganda yuqoriroq bo‘ladi. Bundan tashqari, ortiqcha vazn ko‘pincha gipertoniya va qandli diabet bilan birga kechadi, bu esa asoratlar xavfini oshiradi.
Jazirama kunda qanday salqinlanish kerak?
Konditsionerdan to‘g‘ri foydalanish
Ofislar, transport vositalari va ishlab chiqarish xonalarida konditsionerlar mikroiqlimni nazorat qilish imkonini beradi. Koreyalik olimlar 2018-yil avgustda 40 daraja haroratda konditsionerli xonalardagi odamlarning ahvolini o‘rgandi. Konditsioner yurak-qon tomir va asab tizimi kasalliklari xavfini kamaytirdi, shuningdek, ish va o‘qishni qoldirish ehtimolini pasaytirdi. Biroq shifokorlar salbiy ta’sirlarni ham aniqladi: konditsionerlardan uzoq vaqt foydalanish holsizlik, ko‘z qurishiga va mushak og‘riqlariga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, muzdek ofisdan jaziramaga chiqishda haroratning keskin o‘zgarishi salomatlikni yomonlashtiradi: tana stressga uchraydi. Shu sababli xona va tashqi muhit o‘rtasidagi harorat farqi 6-10 darajadan oshmasligi lozim.
Xonalarni shamollatish
Dim havo ham ish unumdorligini pasaytiradi, issiq sharoitda esa yanada salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ish tartibini haroratga moslashtirish
Muntazam tanaffuslar tana qizib ketishining oldini olishga yordam beradi. Ish beruvchilar xodimlarga dam olish uchun salqin joylar taqdim etishlari shart. Agar xonadagi haroratni pasaytirishning iloji bo‘lmasa, ish joylarida xodimlarning tez-tez almashib turishini tashkil etish zarur. Jismoniy og‘ir ishlarni kunning salqinroq vaqtiga — ertalab yoki kechqurun bajarish yoki jazirama tugaguncha kechiktirish tavsiya etiladi. Iqlimga moslashish davriga alohida e’tibor qaratish lozim, bu davr ikki haftagacha cho‘zilishi mumkin, chunki yangi ishga qabul qilingan xodim yuqori haroratga moslashishi kerak.
Salqin suvdan foydalanish
Sovuq vanna qabul qilish, tanani sovuq suv bilan artish va salqin ichimliklar ichish tanani qisqa muddatga sovitadi, shuning uchun ish qobiliyatini oshirishning bu usullariga umid bog‘lamaslik kerak. Keng tarqalgan noto‘g‘ri fikr — issiq paytda kam suv ichish kerak, degan qarash. Aslida bu masalada oltin o‘rtalik muhim: nafas olish va terlash orqali yo‘qotilgan namlikni qoplash uchun suyuqlik iste’molini ko‘paytirish lozim. Agar ichimlik tartibini keskin cheklasak, bu suvsizlanishga olib keladi va holatni yanada og‘irlashtiradi. Shunga qaramay, haddan tashqari ko‘p suyuqlik ichish va ter bilan tuzlarning yo‘qotilishi tanaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Izoh (0)