Gollivud aktyori Bryus Uillisning demensiya kasalligi shu darajada kuchayganki, u deyarli gapira olmaydi, o‘qimaydi va yurishda ham oqsoqlanmoqda, deb yozadi The Express Tribune.

Joriy yil aprel oyida aktyorning oilasi bayonot e’lon qilib, kasallik og‘irlashayotganiga qaramay, uning holati barqaror ekani haqida muxlislarni tinchlantirgan edi. Biroq endi sevimli aktyor gapirish qobiliyatini deyarli yo‘qotgani, kitob o‘qimasligi va harakatlanishda muammolar kuzatilayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
2023-yil fevral oyida Bryus Uillisning oilasi aktyorda peshona va chakka sohalariga ta’sir qiluvchi kasallik — frontotemporal demensiya (FTD) tashxisi qo‘yilganini ma’lum qilgan edi. Bu kasallik kognitiv qobiliyatlarning asta-sekin yo‘qolishiga olib keladi.
Bu demensiyaning erta boshlanishiga olib keladigan neyrodegenerativ kasallik bo‘lib, 70-75 foiz hollarda 40 yoshdan 65 yosh oralig‘ida kuzatiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, FTD barcha demensiya holatlarining 20 foizini tashkil qiladi. Uni davolab bo‘lmaydi, bemor oxir-oqibat tildan qolish, mantiqiy fikrlash va mustaqil harakat qilish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin.

Bryus Uillisning aktrisa Demi Mur bilan nikohidan uch nafar farzandi bor. Ular birgalikda Rumer, Tallula va Skaut ismli qizlarni voyaga yetkazgan. Ijodkorlar 1987-yildan 2000-yilgacha 13 yil birga yashagan. Ajrashganiga qaramay, ular hanuz ko‘p vaqtni birgalikda o‘tkazadi. 2009-yilda Bryus o‘zidan 23 yosh kichik model Emma Hemingga uylangan. Ular hozirda Meybel Rey va Evelin Penn ismli ikki qizni tarbiyalamoqda.
Oilasi uni qo‘llab-quvvatlash uchun aktyor bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishga harakat qilmoqda. Vaqti-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlarda uning sog‘lig‘i haqida maʼlumotlar ham berib borishyapti.
Izoh (0)