Joriy yil I yarmida mamlakatda benzin ishlab chiqarish hajmi qariyb 14,8 foizga qisqardi. Gaz qazib olish ko‘rsatkichida ham pasayish kuzatilgan.

Statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning yarim yillik sanoat ishlab chiqarishi hajmi bo‘yicha maʼlumotlarni eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, 2025-yilning dastlabki olti oyida mamlakatda 488,5 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu 2024-yil mos davridagidan 6,6 foiz ko‘p.
Joriy yil yarmida 575,6 ming tonna avtomobil benzini (o‘tgan yil shu davrida 675,9 tonna), 557,5 tonna dizel ishlab chiqarilgan (2024-yil mos oylarida 505,1 tonna).
Yarim yil ichida 21 mlrd 785 mln metr kub tabiiy gaz qazib olingan. Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida bu raqam 22 mlrd 486 mln metr kub, 2023-yil ilk olti oyida esa 23 mlrd 565 mln metr kubdan ko‘p bo‘lgan.
Neft qazib olish hajmi ham 2024-yil yarmidagi 364 ming tonnadan 323,8 ming tonnaga kamaygan.
Hisobot davrida respublikada 185 ming 622 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan (bir yil oldingi raqam — 177 ming 443 dona). Yarim yil davomida quyidagi modellar ulushi ko‘proq bo‘lgan:
- Cobalt — 73 ming 102 dona (+0,2 foiz);
- Damas —45 ming 992 dona (+18,1 foiz) ;
- Tracker — 22 ming 847 dona (+6,3 foiz) ;
- Onix — 17 ming 249 dona (+1 foiz);
- Kia — 11 ming 763 dona;
- BYD — 7 ming dona.
Olti oyda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga oshgan — 40 mlrd 834 mln kVt/soatdan 43 mlrd 536 mln kVt/soatga ko‘paygan.
Izoh (0)