Rossiya chegarachilari telefonida terroristik yoki ekstremistik tashkilotlar hamda “radikal kanallar”ga obuna bo‘lgani aniqlangan Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga kiritmadi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Mazkur holatlar bilan bog‘liq 20 dan ortiq sud materiallari o‘rganib chiqilgan. Hujjatlardan biriga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Akmaljon B. radikal qarashli diniy blogerlar kanallarini va terrorchilik tashkilotlari faoliyatini aks ettiruvchi videolarni tomosha qilgani sababli Rossiyaga kiritilmagan.
Chegara xizmati mas’ullari holatlarga baho berib, Akmaljon B.ning radikal yo‘nalishdagi targ‘ibotchilarga qiziqishi yuqori ekani, shuningdek, Rossiya xavfsizligiga tahdid mavjudligi to‘g‘risida xulosaga kelgan, deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, Tojikiston fuqarosi Dilshod A. ham Rossiyaga kiritilmagan. Tekshiruv davomida u Rossiyada taqiqlangan islomiy radikal oqimlar vakillarining nutqlari joylashtirilgan YouTube kanallariga obuna bo‘lgani, shuningdek, “Rossiyaga qarshi targ‘ibot materiallarini” tomosha qilgani aniqlangan.
Ukraina kanallarini kuzatadiganlar ham chegaradan o‘tkazilmagan
Chegaradan o‘ta olmagan boshqa bir necha kishining gadjetlarida Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi kanallarga obunalar, Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini tanqid qiluvchi yozishmalar aniqlangan. Jumladan, bir tojikistonlik fuqaroning telefonida diniy kontent, Ukraina maxsus xizmatlari faoliyati haqidagi videolar va Rossiya maxsus xizmatlarini tanqid qiluvchi yozishmalar mavjud bo‘lgan. Ayrim shaxslar esa chegaradan o‘tishdan oldin yozishmalarini tozalashga uringan.
2024-yil 22-mart kuni Crocus City Hall konsert zalida sodir bo‘lgan teraktdan so‘ng, Rossiya chegaralarida tekshiruvlar kuchaytirildi. So‘nggi bir yarim yil ichida Tojikiston va O‘zbekistonning 20 dan ortiq fuqarosi Rossiyaga kirishni taqiqlash haqidagi qarorlarga e’tiroz bildirgan.
Ularning aksariyati Rossiyada ishlash niyatida ekanini aytgan, ayrimlari esa qarindoshlari yoki tanishlari oldiga borayotganini aytgan. Biroq barcha holatlarda sudlar chegarachilarning qarorlarini qonuniy va asosli deb topib, da’volarni rad etgan.
Izoh (0)