Shimoliy koreyalik qochqin mamlakat yetakchisi Kim Chen Inni zo‘ravonlik uchun Seul sudiga berdi. U hibsda duch kelgan zo‘ravonliklari uchun mamlakat prezidentiga fuqarolik va jinoiy ayblovlar qo‘ymoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Choy Min Kyung 1997-yilda shimoldan Xitoyga qochib ketgan, ammo 2008-yilda majburan vataniga qaytarilgan. U hibsda jinsiy zo‘ravonlik va qiynoqlarga uchraganini aytgan. Choy 2012-yilda yana Shimoliy Koreyadan qochib, Janubiy Koreyaga joylashgan. Uning ta’kidlashicha, boshidan o‘tkazgan ruhiy zarbalarining ta’siri hali hamon saqlanib qolgan. Hozirda u dori-darmonlarga bog‘lanib qolgan.
Choy Min Kyung 11-iyul kuni Seulda ilk bor Shimoliy Koreya rahbariga qarshi ish qo‘zg‘atadi. Ayolga Janubiy Koreyada joylashgan huquqni himoya qilish guruhi yordam bermoqda. Janubiy Koreya sudlari ilgari ham shunga o‘xshash holatlar bo‘yicha hukm chiqargan. Lekin bunday hukmlar asosan ramziy ma’noga ega bo‘lib, Pxenyan tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.
Qochqinning da’vosida Kim va Pxenyanning yana 4 nafar rasmiysi nomi keltirilgan. Seulning huquqni himoya qilish tashkiloti bo‘lgan Shimoliy Koreya Inson huquqlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi markazi (NKDB) Choy xonimning da’vosini BMT va Xalqaro jinoiy sudga olib chiqishni ham rejalashtirgan.
“Men ushbu kichik qadam erkinlik va inson qadr-qimmatini tiklash uchun poydevor bo‘lishini chin dildan istayman. Bu shafqatsiz tuzumdan boshqa begunoh shimolliklar aziyat chekmasin. Shimoliy Koreya rejimining qiynoq qurboni va omon qolgan shaxs sifatida men Kim sulolasini insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish uchun katta mas’uliyatni zimmamga olaman”, dedi Choy.

Yillar davomida xalqaro huquq tashkilotlari Shimoliy Koreya hukumatini suiiste’mol qilish, jins va sinfga asoslangan tizimli kamsitish va boshqa inson huquqlarining buzilishida aylab kelmoqda.
Seul sudi 2023-yilda shimollik 3 nafar fuqaroning har biriga Pxenyandan 36 ming dollar undirib berish haqida order chiqargan. 2024-yilda esa Shimoliy Koreya hukumati 5 ta koreyalik yapon qochoqlarining har biriga 100 million von to‘lashga buyurilgandi. Ular 1960—1980-yillarda repatriatsiya dasturi doirasida Yaponiyadan Shimoliy Koreyaga qaytgan minglab odamlarning bir qismi bo‘lgan. Pxenyan bu ikkala da’voga ham javob bermagan.
Izoh (0)