Prezident Shavkat Mirziyoyev avtomobil haydash jarayonida tirbandlikda qolganini aytib, muammo yuzasidan ichki ishlar vaziriga tanbeh berdi.

Bugun, 9-iyul kuni yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash va infratuzilmani yaxshilashga doir yig‘ilish o‘tkazildi. UzA eʼlon qilgan videoga ko‘ra, majlisda yo‘llardagi tirbandlik masalasi ham ko‘tarilgan.
“O‘tgan yakshanba kuni rulda kelayotgan edim. O‘zim ham hamma bilan 15-20 daqiqa yaxshigina tirbandlikda turdim. Ko‘chaga chiqib: ‘hoy falonchi menga yo‘lni ochib ber’, deb baqirmayman-ku, el qatori keldik. O‘tib bo‘lganimdan keyin vazirga telefon qildim. ‘Sen kelib o‘zing o‘tgin qani’, dedim. Odamlar shunday holatda kechasi uyga qaytayotganda kayfiyati yomon tomonga o‘zgaradimi yoki yo‘qmi”, deya ichki ishlar vaziriga tanbeh bergan davlat rahbari.
Yig‘ilishda O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi sohasida yechimini kutayotgan muammolar ko‘pligiga ham urg‘u berilgan. Masalan, 2024-yilda respublikada 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 9 ming fuqaro jarohat olgan, 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan.
Joriy yilning olti oyida 20 ta hududda avariyalar soni yuqoriligicha qolmoqda.
“Afsuski, har to‘rtinchi avariyada bir kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak”, degan prezident masʼullarga.
Izoh (0)