Aktrisa Bahora Arslonova o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Equinox rusumli avtomobilini olib, to‘lovni amalga oshirmagan shaxs haqida shikoyat qildi. U ushbu holat bo‘yicha ichki ishlar organlariga va prokuraturaga murojaat qilganini aytdi.

Equinox mashinamni oktyabr oyida bir odam dadamga olib bermoqchiman, desa ko‘nglim bo‘shlik qilib beribman. Shunchalar ham sodda bo‘lamanmi? Bu odam o‘sha zahoti andijonlik odamga sotib, pulini ishlatib ham bo‘lgan ekan. 10 oydan buyon topvolgan gapi “kuniga 500 dollar berib qutulaman” deydi, lekin quruq gap bilan rahmimni keltirib cho‘zib yuribdi, deydi aktrisa.

Bahora Arslonova Instagram orqali kuzatuvchilari va keng jamoatchilikdan qo‘llab-quvvatlash so‘rab, o‘zining bu masala bo‘yicha keyingi yangiliklarini video orqali muntazam taqdim etishini bildirdi.
Instagramʼga qo‘ygan postlarimdan keyin juda ko‘pchilik nima qilishim kerakligi va qayerga borishim kerakligi haqida yozib yuborishdi. Hattoki kuzatuvchilarim orasida sudyalar, prokurorlar va advokatlar juda ko‘p ekan. Bu insonni taniydiganlar ham ko‘p ekan. Hozir prokuraturaga keldim, omad tilab turinglar. Bu videolarimni bekorga qo‘ymayapman, azizlar. Menga o‘xshagan sodda insonlar juda ko‘p. Sizlar ham aldanib qolmanglar, deb aytib boryapman, dedi aktrisa.

Bahora Arslonova avtomobil xaridi bilan bog‘liq kelishmovchilik ortidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. U yuzaga kelgan vaziyatdan hayratda qolganini yashirmadi, odamlarning ishonchni suiste’mol qilayotgani uni chuqur o‘ylantirganini aytdi.
Odamlar shunchalik bo‘lib ketadi, deb o‘ylamagandim, to‘g‘risi. Kimgadir ishonasiz, kimgadir xo‘p deysiz, mayli, deysiz, lekin bunday ish qiladi deb xayolimga ham kelmagan edi. Hammasi yaxshi bo‘ladi, degan umiddaman. Menga juda ham ko‘pchilik “Bahora opa, siqilmang, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb yozibdi. Shunisiga ham rahmat. Endi esa xalqimning xizmatiga, to‘y xizmatiga tayyorgarlik ko‘ryapman. Hech bo‘lmasa shu to‘ylarga borib chalg‘imoqchiman, deydi Bahora Arslonova.
Aktrisa ushbu holatni jamoatchilikka ochiq bayon etish orqali nafaqat adolat izlamoqda, balki boshqalarning ham shunga o‘xshash vaziyatlardan ogoh bo‘lishini istamoqda.
Ko‘plab insonlar ham xuddi shunday holatlarga duch kelgan, aldanganlar. Ular mendan yordam so‘rayapti, qayerga borganimni, nima qilganimni so‘rab yozishyapti. Agar muammo hal bo‘lsa yoki yangilik bo‘lsa, albatta, sizlarga xabar beraman, deb yozdi Bahora Arslonova Instagram sahifasida.
Izoh (0)