Marsning Yerdagi eng katta “bo‘lagi” bo‘lgan meteorit 16-iyul kuni Nyu York kimoshdi savdosida 4 million dollarga sotilishi rejalashtirildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

NWA 16788 nomi bilan tanilgan meteoritning og‘irligi 24,5 kilogramm bo‘lib, u o‘zining rangi bilan ajralib turadi. Mars meteoritlarining aksariyati bilan solishtirganda bu juda katta.
NWA 16788 2023-yil noyabr oyida Nigerning chekka Agadez mintaqasidan topilgan. Uning hajmi Yerda topilgan Marsning so‘nggi meteorit bo‘lagiga nisbatan qariyb 70 foizga kattaroq. Bu holat juda kam uchraydi. Yerda atigi 400 ga yaqin Mars meteoritlari aniqlangan.
NWA 16788 favqulodda ahamiyatga ega kashfiyot. U Yerda topilgan eng katta Mars meteoriti va auksionga qo‘yilgan eng qimmatlisidir”, deydi Sotheby’ning ilmiy va tabiiy tarix bo‘yicha vitse-prezidenti Kassandra Hatton.
Meteoritning ichki tarkibini tahlil qilish orqali uning asteroid zarbasi sabab Mars yuzasidan Yerga kelib qolgani ma’lum bo‘lgan. Yer atmosferasiga kirayotganda hosil bo‘lgan issiqlik natijasida uning ba’zi qismlari shishaga aylangan. Meteorit ilm-fanga sovg‘a qilinish o‘rniga sotilayotgani ko‘pchilikda xavotir uyg‘otgan.
“Agar topilma oligarxning xazinasiga tushsa, bu sharmandalik bo‘ladi. U muzeyga tegishli. U yerda jismni o‘rganish kerak. Bolalar, oilalar va keng jamoatchilik undan bahramand bo‘lishi lozim”, dedi Shotlandiyaning Edinburg universiteti professori Stiv Brusatte.
Marsning boshqa bir bo‘lagi 2021-yil fevral oyida Christie’s auksion uyida 200 ming dollarga sotilgandi.
Izoh (0)