Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shoh 21-iyun kuni Pokiston bilan “Hind suv shartnomasi hech qachon tiklanmasligini” ma’lum qildi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

“Xalqaro shartnomalarni bir tomonlama bekor qilish mumkin emas, lekin biz uni bekor qilishga haqli edik. Shartnoma muqaddimasida bu ikki mamlakat tinchligi va taraqqiyoti uchun bo‘lgani aytilgan. Biroq bu shartlar buzildi”, dedi Amit Shoh.
22-aprel kuni boshlangan Hindiston—Pokiston o‘rtasidagi Pahalgam voqeasidan so‘ng, hindlar suv shartnomasini bir tomonlama to‘xtatgan edi. U 1960-yilda Jahon banki vositachiligida ikki qo‘shni o‘rtasida oqadigan daryolardan foydalanishni tartibga solish maqsadida tuzilgan edi.

Hindiston tomon “qonuniy ravishda unga tegishli bo‘lgan suvdan foydalanishini va kanal qurish orqali Pokistonga oqayotgan suvni Rojastonga olib ketishini” qo‘shimcha qilgan.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Shafqat Ali Xon Hindistonning qaroriga bu “xalqaro shartnomalar muqaddasligini surbetlarcha mensimaslikni aks ettiradi”, deb javob qaytargan. U Hindistonning shartnomani to‘xtatishi “xalqaro huquq, shartnoma qoidalari va davlatlararo munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy tamoyillarning aniq buzilishi” ekanini qo‘shimcha qilgan.
Pokiston shartnomaga qat’iy sodiq qolishi va u bo‘yicha o‘zining qonuniy huquqlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qilgan. Shuningdek, mamlakat Nyu Dehlini “bir tomonlama va noqonuniy pozitsiyasini zudlik bilan bekor qilishga hamda ‘Hind suvi shartnomasini’ to‘liq va to‘siqsiz amalga oshirish”ga chaqirgan.
Hindiston Pokistonga oqib o‘tadigan uchta daryoning “ortiqcha suvi”ni o‘zining Panjob, Xaryana va Rajastxan shtatlariga yo‘naltirmoqchi ekani haqida ma’lumot berilgan edi. Buning uchun 113 kilometr uzunlikdagi kanal qurish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.
Loyihada “ortiqcha suv”ni chiqarib yuborish uchun yangi kanallar qurish ko‘zda tutilgan. Hind daryosi suvlarini uch yil davomida kanallar orqali Rajastxan shtatining Ganganagar shahriga yo‘naltirish haqida 14-iyun kuni ichki ishlar vaziri Amit Shoh ma’lum qilgandi. U Pokiston “har bir tomchi suvga tashna bo‘lishini” qo‘shimcha qilgan.
Izoh (0)