O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi 19-iyun kuni e’lon qilingan QS World University Rankings 2026 natijalariga ko‘ra dunyoning eng yaxshi universitetlari ro‘yxatidan o‘rin oldi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 5 ta universitetga ortib, O‘zbekiston ushbu reytingda ilk bor ishtirok etgan universitetlar soni bo‘yicha jahonning 9 ta mamlakati qatoridan joy oldi.

Reytingga kiritilgan O‘zbekiston OTMlari:
- “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti — 469-o‘rin (2025-yilda =547);
- O‘zbekiston Milliy universiteti — 721–730 (2025-yilda 781-790);
- Toshkent davlat texnika universiteti — 901–950 (ilk bor);
- Samarqand davlat universiteti — 1001–1200 (ilk bor);
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 1001–1200 (ilk bor);
- Toshkent davlat transport universiteti — 1201–1400 (ilk bor);
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 1401+ (ilk bor).
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning 4 ta oliygohi “Bitiruvchilar yutuqlari” indikatori bo‘yicha top-700 talikka kirgan:
- Toshkent davlat texnika universiteti – 540-o‘rin;
- O‘zbekiston Milliy universiteti – 545-o‘rin;
- “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti – 644-o‘rin;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 660-o‘rin.
Xalqaro ekspertlar fikricha, O‘zbekiston universitetlarining QS reytingidagi faol o‘sishi — ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik, innovatsion izlanishlar va raqobatbardoshlik yo‘nalishida olib borilayotgan tizimli islohotlar samarasidir. Bu haqda QS Quacquarelli Symonds kompaniyasining mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubov ta’kidlab o‘tgan.
QS World University Rankings-2025 reytingi natijalariga ko‘ra, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti top-1000 talikdan joy olgandi.
QS World University Rankings — 2004-yildan beri e’lon qilib kelinayotgan, oliy ta’lim muassasalarini 9 ta global indikator asosida baholovchi eng obro‘li xalqaro reytinglardan biridir. Uni Quacquarelli Symonds nomli Britaniyaning mustaqil ta’lim va konsalting kompaniyasi har yili e’lon qiladi.
Izoh (0)