Nike va Hyperice sportchilarga oyoqlar tezroq qizib olishi va tiklanishiga yordam beradigan futuristik Hyperboot krossovkalarini sotuvga chiqarilishini eʼlon qildi. Ushbu model birinchi marta o‘tgan yozda taqdim etilgan edi, sotuvi esa 17-may kuni Shimoliy Amerikada 899 dollardan boshlanadi. Keyinchalik boshqa mamlakatlarda ham sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.

Hyperboot — bu ikki xil havo kamerasi va isitish elementlaridan iborat tizim bilan jihozlangan baland krossovkalar bo‘lib, ular butun poyabzal ustiga bir tekis issiqlik tarqatadi. Kompressiya va isitishning kombinatsiyasi oyoq va to‘piq mushaklarini faollashtiradi, bu esa mashg‘ulot boshlanishidan oldin ham o‘zingizni yengil his qilishingizga yordam beradi.

Nike kompaniyasining sportchilar uchun innovatsiyalar bo‘yicha katta direktori Tobi Xetfildning so‘zlariga ko‘ra, tanani yuklamalarga tayyorlash — pre-covery tushunchasi tobora muhim bo‘lib bormoqda. Hyperboot sizga joy va vaqtga bog‘lanmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yurish paytida qizib turish va tiklanishni boshlash imkonini beradi.

Modelni sinovdan o‘tkazgan professional sportchilar va havaskorlar ushbu texnologiya ularning odatiy qizib turish va tiklanish jarayonlarini, nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham sezilarli darajada yaxshilaganini taʼkidlaydilar. Yuguruvchi Shakarri Richardson Hyperboot sayohatlar va musobaqalarda vaqtni tejashga yordam berishini va uning oyoqlari yo‘lga chiqishdan oldin ham startga tayyor bo‘lishini aytdi.

Poyafzal uchta isitish darajasini — 44, 48 va 52 °C va uchta kompressiya rejimini — 50, 130 va 210 mm Hg taklif etadi. Sozlamalarni krossovkalardagi tugmalar yordamida qo‘lda, shuningdek, Hyperice mobil ilovasi orqali o‘zgartirish mumkin. O‘rnatilgan batareyalar 1,5 soatgacha avtonom ishlaydi. Bir juft poyabzalning og‘irligi 1,7 kg.

Hyperice asoschisi Entoni Katsning so‘zlariga ko‘ra, Hyperboot’ni chiqarish Nike bilan uzoq yillik hamkorlikning natijasi va sportchilar uchun innovatsion poyabzal va kiyim-kechak rivojlanishidagi birinchi qadamdir. Garchi yangilik birinchi navbatda sportchilarga mo‘ljallangan bo‘lsada, uni istagan har bir kishi — shu jumladan, ko‘p vaqtini oyoqda o‘tkazadiganlar ham foydalanishi mumkin.
Izoh (0)