AQSH oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) miya chiplarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan Neuralink kompaniyasiga odamlar ustida tadqiqot o‘tkazishga ruxsat berdi, deb yozmoqda kompaniya matbuot xizmati Twitter’da.
“Odamlarda birinchi klinik sinovimizni boshlash uchun FDA ruxsatini olganimizni e’lon qilishdan mamnunmiz! Bu, kun kelib texnologiyamiz ko‘plab odamlarga yordam berishiga zamin yaratadigan ilk muhim qadamdir”, — deyiladi Neuralink postida.
Kompaniya klinik tadqiqotda ishtirok etuvchi odamlarni yig‘ish hali boshlanmaganini ta’kidladi, shuningdek, tafsilotlarni keyinroq taqdim etishga va’da berdi.
Kompaniya asoschisi Ilon Mask chiplarni odamlarda sinab ko‘rishi haqida so‘nggi yillarda bir necha bor e’lon qilgan, biroq Neuralink FDA’dan 2022-yil boshiga kelibgina ruxsat so‘ragan — o‘shanda ariza rad etilgan.
Rahbariyatning bunday qaroriga chiplarda tuzatish kerak bo‘lgan bir nechta nuqsonlar borligi sabab bo‘lgan. Agentlik manbalariga ko‘ra, asosiy muammolar batareya, miya ichida implant simlarning siljishi ehtimoli va qurilmani xavfsiz olib tashlash bilan bog‘liq edi.
Ilon Mask Neuralink’ni 2016-yilda yaratgan. 2019-yilda kompaniya miyani kompyuterga ulovchi qurilmani taqdim etdi. Ilon Mask Neuralink’ning asosiy maqsadi odamlarga kelajakda miya va orqa miya jarohatlari oqibatlarini bartaraf etish imkonini berish uchun miya-kompyuter interfeysini yaratish ekanini aytadi. Bundan tashqari, deb yozadi Reuters, Mask miya implantlari turli muammolar, jumladan, semizlik va depressiyadan aziyat chekadigan odamlarga yordam berishi mumkinligiga ishonadi.
Izoh (0)