O‘zbekistonda “yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi o‘zgartirildi.

Vazirlar Mahkamasining Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengaytirilishi hamda “yashil moliyalashtirish” mexanizmlarining takomillashtirilishi munosabati bilan “yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qarori qabul qilindi.
Qo‘shimchalarga muvofiq, generatsiya obyektini ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun Markaziy bankning rasmiy kursi bo‘yicha milliy valyutada quyidagi miqdorlarda bir martalik yig‘im undiriladi:
- quvvati 1 MVt gacha bo‘lgan generatsiya obyektlari uchun — 100 yevro;
- quvvati 1 MVt dan 5 MVt gacha bo‘lgan generatsiya obyektlari uchun — 500 yevro;
- quvvati 5 MVt dan 10 MVt gacha bo‘lgan generatsiya obyektlari uchun — 1000 yevro;
- quvvati 10 MVt dan 50 MVt gacha bo‘lgan generatsiya obyektlari uchun — 1 500 yevro;
- quvvati 50 MVt dan yuqori bo‘lgan generatsiya obyektlari uchun — 2 000 yevro.
Sertifikatlarni chiqarish uchun ariza beriladi va quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
yagona elektr energetikasi tarmog‘iga uzatilgan elektr uchun:
- CCD04 shakldagi to‘ldirilgan va imzolangan so‘rovnoma (generatsiya obyekti yoki obyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori, ishtirokchi nomi);
- korxonaning umumiy faoliyati to‘g‘risida maʼlumotlar;
- elektr energiyasi ishlab chiqarish davomiyligi va uning hajmi (kVt/s);
- generatsiya obyektlarida elektr energiyasini ishlab chiqarish holati “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ (“O‘zenergosotish” AJ yoki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ) tomonidan tasdiqlangan hujjat;
- sertifikat chiqarish uchun mo‘ljallangan registrantning ishtirokchi akkaunti maʼlumotlari;
to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘nggi foydalanuvchiga uzatilgan elektr uchun:
- CCD04 shakldagi to‘ldirilgan va imzolangan so‘rovnoma;
- korxonaning umumiy faoliyati to‘g‘risida maʼlumotlar;
- elektr energiyasi ishlab chiqarish davomiyligi va uning hajmi (kVt/s);
- elektr energiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilgan so‘nggi foydalanuvchi va generatsiya obyekti egasi tomonidan tuzilgan muayyan davrda uzatilgan elektr hajmini tasdiqlovchi dalolatnoma;
- sertifikat chiqarish uchun mo‘ljallangan registrantning ishtirokchi akkaunti maʼlumotlari;
- generatsiya obyektlarida elektr energiyasini ishlab chiqarish holati bo‘yicha elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimidan olingan va elektr energiyasini sotib oluvchi tomonidan tasdiqlangan hujjat.
Hujjat uch oy o‘tib, 16-iyuldan kuchga kiradi.
“Yashil energiya” sertifikatlari
Prezidentning 2023-yil 12-maydagi qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-iyuldan “O‘zbekgidroenergo” tizimidagi GESlarda, 1-oktyabrdan esa quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida hamda boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun sertifikatlar joriy etildi. Oktyabrga kelib, hukumat qarori bilan “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Joriy hisob-kitoblarga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufida 53 ta GES mavjud bo‘lib, umumiy gidroenergetik quvvati 2 225 MVt ga teng. GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqqan holda, jamiyat tomonidan yiliga 7 million dona “yashil energiya” sertifikatlari birja savdoga chiqarilishi hamda talabgorlarga taqdim qilish imkoniyati mavjud. Bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganini tasdiqlaydi.
2030-yilga borib iqtisodiyotda energiya samaradorligi 2 karra oshirilib, qariyb 50 milliard kilovatt/soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.
“Yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlar soliqqa tortilmaydi.
Izoh (0)