Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe yozgi transferlar vaqtida jamoani kuchaytirish uchun “Arsenal” himoyachisi Vilyam Salibani olib kelishni taklif qilgan. Bu haqda Defensa Central nashriga tayanib Championat xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Mbappe “qaymoqranglilar” rahbariyatidan Saliba transferi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni so‘ragan. “Real” futbolchini jamoa uchun ideal nomzod deb biladi, biroq uning transfer narxi klub uchun muammo tug‘dirishi mumkin.
Fransiyalik himoyachining transfer qiymati 80 million yevroga baholanmoqda, “Arsenal” uning 2027-yilgacha amal qiladigan shartnomasini inobatga olgan holda, Saliba uchun 100 million yevro so‘rashi mumkin.
“Real Madrid” futbolchining vakillari bilan ishonchli aloqalar o‘rnatib, kelajakda uni arzonroq narxda qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Klub 2026-yilga qadar kutishi yoki 2027-yilda futbolchini erkin agent sifatida qo‘shib olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumda 24 yoshli Saliba “Arsenal” safida 43 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urgan.
Izoh (0)