Eron shimoli-sharqidagi Kashmer shahrida 18-iyun kuni zilzila sodir bo‘lishi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, 120 kishi jarohatlandi. Bu haqda Eron mahalliy manbalariga tayanib, Al Arabiya xabar berdi.
Manbada aytilishicha, zilzila kuchi 4,9 magnitudaga yetgan. Tabiiy ofat seshanba kuni mahalliy vaqt bilan 13:24 da kuzatilgan.
Kashmar gubernatori Hajatulloh Shariatmadariy zilzila qurbonlari haqida davlat televideniyesi orqali xabar bergan. Vayrongarchilik oqibatlarini bartaraf etish uchun guruhlar faoliyat yuritayotgani aytilgan.
Zilzila oqibatida hozirga qadar 35 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Zilzila shahar va uning atrofidagi hududlarda asosan eski binolarga shikast yetkazgan.
AQSH geologik xizmati zilzila epitsentri 10 kilometr chuqurlikda bo‘lganini maʼlum qilgan. Eron turli tektonik plitalar ustida joylashgani, bu plitalar qisqa harakatga kelgani zilzilani keltirib chiqargani aytilgan.
- O‘tgan yilning boshida ham mamlakatning tog‘li shimoli-g‘arbiy hududlarida, Turkiya bilan chegarada sodir bo‘lgan 5,9 balli zilzila oqibatida uch kishi halok bo‘lgan edi. 800 dan ortiq kishi esa jarohatlangan.
- 2003-yilda ham Eronda juda kuchli zilzila kuzatilgan.
- Mamlakatning janubi-sharqidagi Bam shahrida 6,6 magnitudali zilzila yuz berishi oqibatida 31 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
Izoh (0)