Futbol bo‘yicha JCh—2026 saralashining ikkinchi bosqichidan o‘rin olgan so‘nggi bahslar bo‘lib o‘tdi. A guruhida keyingi bosqich uchun kurash olib borayotgan Qatar — Hindiston uchrashuvi mezbonlarning g‘alabasi (2:1) bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 37-daqiqasida hindistonlik Shangte hisobni ochdi. 73-daqiqada Yusuf Ayman hisobni tenglashtirdi. Qatar futbolchisining bosh bilan zarbasidan so‘ng to‘p maydonni tark etganga o‘xshab ko‘rindi va barcha hindistonlik futbolchilar bir muddat to‘xtab qolishdi. Bundan foydalangan qatarliklar to‘pni egallab raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Goldan so‘ng barcha hindistonlik futbolchilar yon hakamiga e’tiroz bildirdi, ammo bu noroziliklar qarorning o‘zgarishiga sabab bo‘lmadi.
Uchrashuv so‘nggida yana bir gol o‘tkazib yuborgan Hindiston 5 ochko bilan A guruhida 3-o‘rinni egallab, o‘z yurishini to‘xtatdi.
Ma’lumot uchun, ushbu o‘yinda VAR tizimi ishlamagan.
Qatar jamoasi esa 16 ochko bilan guruh yetakchiligini qo‘lga kiritdi va saralashning uchinchi bosqichiga yo‘l oldi.
Izoh (0)