Samarqand shahri va tumani qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda “R.O.” MCHJ rahbari o‘rinbosari A.I. MCHJning Samarqand shahri va tumanida joylashgan savdo do‘konlarida hech qanday hujjatsiz umumiy qiymati 306,5 mln so‘mlik 134 turdagi jami 11 885 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini sotuvga qo‘yganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)