Ijobiy rollarni ijro etib, tomoshabinlar e’tiboriga tushish oson, biroq yovuz qahramonlarni gavdalantirish barcha aktyorning qo‘lidan kelavermaydi. Bugungi qahramonlarimiz esa salbiy obrazlarni ijro etishda katta mahorat va tajribaga ega.
Uillem Defo
Uning birgina yovuz tabassumi tomoshabinda qo‘rquv hissini paydo qiladi. Aktyor antagonist rollarini shunchalik ko‘p o‘ynaganki, uni mehribon inson sifatida tasavvur qilish qiyin.
“Bolaligimda yovuz qahramonlarni eng zo‘r obrazlar sifatida ko‘rar edim. Ular men uchun filmning eng yorqin ijodkorlari edi. Men ham aynan salbiy rollarda o‘z nomimga ega bo‘ldim. Katta kinostudiyalar men ishtirok etgan loyihalar muvaffaqiyatini takrorlash uchun yangidan-yangi takliflar berar edi”, — deya eslaydi Defo.
Helena Bonem Karter
Aktrisa ekranlardagi eng yaxshi yovuz ayol obraz sifatida tanilgan. Helena har qanday janrdagi filmlarda mahorat bilan rol ijro etishiga qaramay, uning aynan salbiy qahramonlari chinakam san’at asari darajasiga chiqdi. Bonem Karter “Alisa mo‘jizalar mamlakatida”gi Qizil malika va Garri Potter franshizasidagi Belatriks Lestreyj kabi salbiy qahramonlari bilan juda faxrlanadi.
“Ko‘chada meni ko‘rib, tanib qolgan yosh bolalar mendan qo‘rqishadi, lekin yonimdan ketmay, menga qiziqish bilan boqishadi. Demak, obrazim shunchalik yorqin bo‘lganki, bolalar xotirasida muhrlanib qoldim”, — aktrisa.
Xoakin Feniks
Iste’dodli aktyor nafaqat Joker obrazi bilan, balki boshqa ko‘plab rollari bilan mashhur. Uning “Gladitor” filmidagi Rim imperatori Kommod obrazi katta katta kinoga kirib kelishiga sabab bo‘lgan.
Hamkasblarining so‘zlariga ko‘ra, Xoakin suratga olish paytida rolga sho‘ng‘ib ketish uchun uni so‘kish va haqorat qilishlarini so‘ragan.
Devid Tennant
Shotlandiyalik aktyor o‘zining yovuz va qo‘rqinchli rollari bilan ajralib turadi. Devid Tennant “Doktor kim” serialida o‘ninchi shifokor roli bilan tanilgan. Aktyor “Garri Potter va olov kubogi” filmida Voldemort izdoshi Barti Krauch,“Kazanova” serialida Jako Kazanova rollari bilan mashhur.
Donald Sazerlend
Aktyor “Hayot-mamot o‘yinlari” filmining eng yorqin yovuz qahramoni bo‘lgan. Aktyor filmdagi vaxshiy ovozli xarakterdan o‘zi ham qo‘rqishini tan oladi.
Mads Mikkelsen
Mads Mikkelsen ezgu obrazlardan ko‘ra ko‘proq dahshatli qahramonlar va antagonistlarni ijro etishni afzal ko‘rganini ikkilanmasdan tan oladi. Uning fikricha, yaxshilik sari eltadigan obrazlar tomoshabin uchun ko‘pincha qiziqarli bo‘lmaydi.
Entoni Xopkins
Aktyor o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida 140 dan ortiq loyihalarda rol o‘ynagan. U ikki marta “Oskar” va to‘rtta BAFTA mukofotiga sazovor bo‘lgan. 87 yoshli aktyor Entonining xarizmasi tomoshabinda katta taassurot uyg‘otadi.
Aktyor o‘zi shaxsan faxrlanadigan antagonist haqida shunday deydi:
“Kinoda men tasvirlagan eng katta yovuz odam bu Adolf Gitlerdir. Xayron qolishingiz mumkin, lekin “Qo‘zilar sukunati” mening sevimli filmlarimdan biri emas. Mazkur filmni men hatto oxirigacha ko‘rmaganman”, — tan oladi aktyor.