Tanzaniya bayrog‘i tushirilgan kema 18-may kuni Qora dengizda cho‘kib ketgan. Bu haqda “TASS” nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, kema Ruminiyaning Sfintu George shahridan 26 dengiz mili uzoqlikda cho‘kib ketgan. “Mohammad-Z” kemasi halokatga uchragani haqida ham birinchi bo‘lib Ruminiya manbalari xabar tarqatgan.
Ruminiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati 18-may kuni tongda halokat signalini qabul qilgach, “Artemis” va “Apollon” nomli kemalarini hududga jo‘natgan. Ikkita dengiz-chegara politsiya kemasi va yaqin atrofdagi ikkita savdo kemasi ham voqea joyiga yo‘l olgan.
Halokatga uchragan kema bortida 11 kishi bo‘lib, ulardan to‘qqiz nafari Suriya fuqarosi va ikki nafari Misr fuqarolari bo‘lgan. Ekipaj aʼzolarining sakkiz nafarini Mishel savdo kemasi xodimlari qutqarib qolgan.
“Mohammad-Z” kemasi ekipajining 3 nafar aʼzosi bedarak yo‘qolgani xabar qilingan. Qutqaruv guruhlari hududda tekshiruv olib borayotgani bildirilgan.
Manbada aytilishicha, halokat sababi aniqlanmagan. Qutqarib qolingan ekipaj aʼzolari ishtirokida tergov o‘tkazilayotgani bildirilgan.
Izoh (0)