Finlyandiya hukumati Rossiya bilan quruqlikdagi chegara punktlarini 15-apreldan boshlab noma’lum muddatga yopiq saqlashga qaror qildi. Bu haqda Finlyandiya IIV ma’lum qildi.
Bundan tashqari, 15-apreldan boshlab dengiz orqali noqonuniy migratsiyaning oldini olish uchun Xaapasaari, Nuijamaa porti va Santiodagi dengiz o‘tish punktlari yopiladi.
Qaror xabar berilgunga qadar kuchda qoladi, — deyiladi IIV xabarida.
Rossiya bilan chegarani ochishda Finlyandiya hukumati Rossiya tomonidan chegarani kesib o‘tib, Finlyandiyadan boshpana so‘rovchi uchinchi davlat fuqarolarining ommaviy noqonuniy migratsiyasining qayta tiklanish xavfini ko‘rmoqda.
Finlyandiya chegarasi yaqinidagi Rossiya hududida mamlakatimizga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan minglab odamlar bor, — dedi Finlyandiya ichki ishlar vaziri Mari Rantanen.
Finlyandiya rasmiylari Rossiyaning “migratsiyani instrumentallashtirish” siyosatini “gibrid hujum” va “uzoq muddatli tahdid” sifatida baholaydi.
Hukumatning chegarani yopish haqidagi avvalgi qarori 14-aprelgacha amal qilgan edi.
2023-yil noyabrida Finlyandiya muhojirlar oqimi tufayli Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasini tegishli hujjatlarsiz butunlay yopgan edi. Xelsinki Moskvani uchinchi davlat fuqarolarini chegarani kesib o‘tishga undaganlikda ayblagan.
Bunga javoban Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova Finlyandiyaning chegaradagi vaziyat uchun javobgarlikni Rossiya zimmasiga yuklashga urinishlarini “noaniq bahonalar” deb atagan edi.
Izoh (0)