Finlyandiya bosh vaziri Petteri Orpo mamlakat yaqin kelajakda Rossiya bilan chegarada nazorat punktlarini ocholmasligini aytdi. Avvalroq Finlyandiya rasmiylari nazorat-o‘tkazish punktlari 11-fevralgacha yopilishini aytgan edi.
“Bizning tushunishimizcha, sharqiy chegara ortida Finlyandiyaga noqonuniy ravishda kelishni maqsad qilgan odamlar bor. Chegaralarning yopilishini bekor qila olmasligimiz aniq”, — dedi Petteri Orpo Yle TV telekanaliga bergan intervyusida.
![](/static/2024/02/03/fin3-R3pWSxzZ.jpeg)
Uning qo‘shimcha qilishicha, minglab odamlar Rossiyadan Finlyandiyaga kirishni xohlashadi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar chegara ochilgunga qadar noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish choralarini ishlab chiqishi kerak.
Finlyandiya hukumati 2023-yil noyabr oyi o‘rtalarida Rossiya bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyatini cheklashni boshladi va yil oxirigacha ularning barchasini yopib qo‘ydi. 11-yanvar kuni nazorat-o‘tkazish punktining yopilishi 11-fevralgacha uzaytirildi.
Finlyandiya hukumati bunday choralarni Rossiya hududidan kelayotgan noqonuniy migrantlarning ko‘pligi bilan izohladi.
Izoh (0)