2018-yildan 2023-yilgacha Yaponiyaning “Vissel Kobe” jamoasida o‘ynagan “Barselona”ning sobiq yarim himoyachisi Andres Inyesta Yaponiyada soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanmoqda. Bu haqda COPE xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, ispaniyalik futbolchi “Vissel Kobe“ klubida o‘ynab, olayotgan daromadini deklaratsiya qilmagan. Ta’kidlanishicha, Inyesta Yaponiyadagi besh yillik faoliyati davomida 5,2 million yevroga yaqin daromadini deklaratsiya qilmagan.
Yaponiya soliq idoralari ayni damda 39 yoshli yarim himoyachidan Yaponiya g‘aznasiga 3,5 million yevro to‘lashni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning avgust oyida Inyesta erkin agent sifatida BAAning “Emireyts” klubiga ko‘chib o‘tgan edi.
Ispaniyalik futbolchi “Vissel Kobe”dagi faoliyati davomida barcha turnirlarda 134 ta uchrashuvda qatnashib, 26 ta gol va 25 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Izoh (0)