Abxaziya o‘z kelajagini Rossiya va Belarus bilan ittifoq davlatida ko‘radi. Abxaziya tashqi ishlar vaziri Inal Ardzinba 5-mart kuni ushbu bayonotni eʼlon qildi. Bu haqda “TASS” nashri xabar berdi.
“Biz Ittifoq davlatiga olib boradigan yo‘l juda uzoq va qiyin ekanligini tushunamiz, ammo aholimizning katta qismi bunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi”, — deya bayonot bergan Abxaziya tashqi ishlar vaziri.
Vazirga ko‘ra, bugungi kunda Abxaziyaning asosiy vazifalardan biri Belarus loyihasidir. Garchi Belarus va Abxaziya o‘rtasida hozircha diplomatik aloqalarimiz o‘rnatilmagan bo‘lsa-da, davlat rahbarlari o‘zaro davlat tashriflari tashkil eta olishgan.
Abxaziya rasmiysiga ko‘ra, mamlakat o‘z kelajagini Rossiya bilan ittifoqda ko‘radi. Abxaziyaning barqarorligi ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq.
Xabarda keltirilishicha, Abxaziya Donbassga gumanitar yordam va axborot yordamini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Mamlakat Rossiyaning maxsus operatsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi aytilgan.
Maʼlumot o‘rnida, dastavval Gruziya tarkibida bo‘lgan Abxaziya 2008-yil 26-avgustda o‘z mustaqilligini eʼlon qilgan. Shundan beri mamlakat mustaqilligini Rossiya, Venesuela, Nikaragua, Nauru va Suriya kabi davlatlar tan olgan bo‘lsa-da, BMTga aʼzo bo‘lgan deyarli barcha mamlakatlar uni Gruziyaning tarkibiy qismi deb biladi.
Izoh (0)