Qozog‘istonda senat deputati Alisher Satvaldiyev TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda salbiy kontentni tarqatishga chora ko‘rishni talab qildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Senatorning so‘zlariga ko‘ra, platforma foydalanuvchilarining 75 foizini 13 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi, o‘rtacha hisobda 4-5 yoshli bolalar TikTok’da kuniga 75 daqiqa vaqt sarflaydi.
“TikTok voyaga yetmaganlar maʼlumotlarini saqlagani uchun jarimaga tortilmoqda, baʼzi davlatlarning talabiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun kuniga bir soatlik cheklov kiritish bo‘yicha yangi funksiyalar joriy etilmoqda.
13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 30 daqiqagacha cheklov kiritilgan, bu ota-onaning ruxsati bilan bir soatgacha uzaytirilishi mumkin. Ayrim davlatlar o‘z hududlarida bu platformani butunlay bloklab qo‘ygan”, — deydi Satvaldiyev.
Deputatning fikricha, TikTok bola yoki o‘smir ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan kontentni ko‘rsatadi.
“Ko‘tarilayotgan masala yosh avlod taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatishini inobatga olib, shoshilinch choralar ko‘rish zarur, deb hisoblaymiz. TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda administratsiya tomonidan milliy qonunchilik talablariga rioya qilish va voyaga yetmaganlarning xavfsizligini taʼminlash yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazilishi muhim. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan xalqaro tajriba asosida tegishli choralar ko‘rilsin”, — deb ta’kidladi u.
Izoh (0)