Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Kanadaning yangi tayinlangan elchisi Alan Hemson bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, parlamentlararo muloqot darajasini oshirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda savdo-iqtisodiy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi, tog‘-kon, energetika, neft-gaz sanoatida istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yish lozimligi taʼkidlangan.
![](/static/2024/02/02/2024-02-02 16.55.29-ik11AG5J.jpg)
Shuningdek, ilmiy-texnikaviy, jumladan, taʼlim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, turizm, ekologiya va atrof muhit muhofazasi yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashilgan. O‘zaro munosabatlarning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratilgan.
Parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlarining tegishli qo‘mitalari o‘rtasida o‘zaro tashriflarni tashkil etish orqali yaqin hamkorlik o‘rnatish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida diplomat ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning bundan keyin ham yanada rivojlanishi uchun bor imkoniyat va salohiyatini ishga solishini bildirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, 30-yanvar kuni Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Alan Hemson O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgan edi.