Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi “O‘zbekiston hududida chiqindilar, ayrim turdagi xavfli mahsulot va kimyoviy moddalar muomalasi bilan bog‘liq nazoratni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Qaror loyihasida Bazel konvensiyasiga muvofiq, 27 turdagi xavfli chiqindilarning O‘zbekiston hududiga olib kirilishini taqiqlash, import va eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikatlanishi lozim bo‘lgan xavfli mahsulot va chiqindi turlari ro‘yxatini tasdiqlash ko‘zda tutilmoqda.
Vena konvensiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonga import qilinishi taqiqlangan ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarning yangilangan ro‘yxati, import va eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikat bo‘yicha amalga oshiriladigan ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarning yangilangan ro‘yxati tasdiqlanadi.
Shuningdek, 2024-yil 1-iyuldan boshlab, ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud bo‘lgan yoki ulardan foydalanishga mo‘ljallangan mahsulotlarni import va eksport qilish ekologik sertifikat asosida faqat “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Ozonni buzuvchi moddalarning importi uchun kvotalar elektron onlayn-auksion savdolari orqali realizatsiya qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
Stokgolm konvensiyasiga muvofiq 32 turdagi o‘simliklarni himoya qilish vositalari va boshqa turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalarni O‘zbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlanadi.
Ekologiya vazirligi uch oy muddatda xorijiy tajriba asosida chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash faoliyatini litsenziyalanadigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Avvalroq Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlarida hamda Toshkent tumanidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yig‘ish maydonlarida “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari sotib olish yo‘li bilan qabul qilinishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)