Poytaxt havosining ifloslanish darajasi salomatlik uchun zararli deya baholanib, shahar aholisiga niqobda yurish tavsiya etildi.
Xalqaro IQAir platformasi Toshkent shahrida havo sifatini nosog‘lom, deya baholab, poytaxt aholisiga tashqarida mashq qilmaslik, iflos havodan saqlanish uchun derazalarni yopish, niqob taqish hamda havo tozalagichlarni ishga tushirishni tavsiya etdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev o‘z Telegram kanalida xabar qoldirdi.
Xalqaro “Havo sifati indeksi” sayti ayni vaqtda Toshkent shahri havosida PM 2.5 konsentratsiyasi JSST havo sifatining yillik standartidan 13,4 baravar yuqoriligini ko‘rsatmoqda”,—deb yozdi u.
Avvalroq 3-yanvar kuni Toshkent shahri dunyoning havo sifati eng iflos shaharlari reytingida 4-o‘ringa chiqqani xabar qilingandi. Bunday havoda shahar aholisiga ko‘chada niqob taqib yurish, derazalarni ochmaslik, uy ichini namlantiruvchi vositalar bilan tozalash tavsiya etib kelinadi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent 22-dekabr kuni ham havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha dunyoning yirik shaharlari orasida 4-o‘ringa chiqqandi.
Izoh (0)